Sogʻliqni saqlash vazirligi: 8-fevral holatiga koʻra Oʻzbekistonda koronavirus aniqlanmadi
Foto: www.google.com
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga joriy yilning 8-fevral kuni xorijiy davlatlardan 29 ta samolyot qabul qilinib, 4268 nafar fuqaro, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ markaziy Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga qarashli 6 ta sanitariya-karantin punktidan 4 ta poyezdda jami 535 nafar fuqaro, davlat chegara kesishish punktlaridagi sanitariya-karantin punktlari orqali 34145 nafar fuqaro termometriyadan oʻtkazildi. Bu haqda SSV huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirusga qarshi markaziy shtabi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Xitoydan uchta charter reys orqali olib kelingan hamda tibbiy kuzatuvdagi fuqarolarning termometriyadan oʻtkazish, niqoblarni oʻz vaqtida almashtirish va xonalarni shamollatish hamda namli tozalash ishlarini oʻtkazilishi malakali epidemiologlar tomonidan nazoratga olingan.
Shuningdek, dezinfektor mutaxassislar tomonidan kuniga ikki mahal yotoqxonalar, vannaxonalar va oshxona zararsizlantirilmoqda. Oshxonada ishlatilgan idish-tovoqlarni zararsizlantirish ishlariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Yuqumli kasalliklar shifokorlari tomonidan ikki mahal tibbiy koʻrik oʻtkazilmoqda. Fuqarolar orasida tana harorati meʼyordan koʻtarilgan va koronavirus infeksiyasi belgilari mavjud fuqarolar aniqlanmadi.
Joriy yilning 8-fevral kuni Sogʻliqni saqlash vazirligining navbatdan tashqari videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi va unda yangi koronavirus infeksiyasini respublika hududiga chetdan kirib kelishi va tarqalishini oldini olish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar tahlil qilinib, kelgusidagi vazifalar boʻyicha tegishli idoralarga koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining koronavirusga qarshi markaziy shtabi shuni maʼlum qiladiki, joriy yilning 8-fevral holatiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus kasalligi qayd etilmadi.
Eslatib oʻtamiz, yangi koronavirus infeksiyasi boʻyicha rasmiy maʼlumotlarni olish hamda oʻzingizni qiziqtirgan savollar bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi qoshida tashkil etilgan shtabga +998 (71) 276-49-66 telefon raqami orqali murojaat qilishingiz mumkin, deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring