Sog‘liqni saqlash organlari faoliyati haqida jamoatchilikning xabardorligini oshirish borasidagi ishlar Qonun bilan mustahkamlanmoqda
Foto: Sirojiddin Vohidov, «Xalq so‘zi»
Hozirda respublikamizda sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar natijalari, hududiy organlarda sohani boshqarish, birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik xabardorligini oshirish, shuningdek, mazkur organlar va muassasalar faoliyatining ochiqligini ta’minlashga zarurat sezilmoqda.
Senatning qirq to‘rtinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sog‘liqni saqlash organlari faoliyati haqida jamoatchilikning xabardorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun yuqorida qayd etilgan muammolarga yechim topishi qayd etib o‘tildi.

Mazkur Qonun bilan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonuniga muhim qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Qonunga ko‘ra xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan yarim yillik yakunlari bo‘yicha tegishincha sog‘liqni saqlashni boshqarish hududiy organlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlarining sog‘liqni saqlashni rivojlantirishga oid davlat dasturlarining bajarilishi, kasalliklar profilaktikasining holati, sog‘lom turmush tarzini va to‘g‘ri ovqatlanishni shakllantirish, shuningdek, sog‘liqni saqlashning asosiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitib boradilar.

Natijada viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi rahbarlarining hisobotidan kelib chiqib, xalq deputatlari Kengashi tomonidan ularning faoliyati samaradorligiga baho beriladi.
Shuningdek, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonuniga ham fuqarolar yig‘inlari tomonidan tegishincha aholi biriktirilgan tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari, oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokor punktlari rahbarlarining sog‘liqni saqlashning holati hamda fuqarolar sog‘lig‘iga ta’sir etuvchi omillar, shu jumladan, tegishli hududning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi axborotini eshitishni nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritilmoqda.

Senatorlarning ta’kidlashicha, ushbu Qonun qabul qilinishi sog‘liqni saqlash organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashga, shuningdek, tibbiy xizmat ko‘rsatishning holati to‘g‘risida aholining xabardorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Majlisda savol-javob va muhokamalardan so‘ng ushbu Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Foto: Sirojiddin Vohidov, «Xalq so‘zi»
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring