Soʻgal yoki “ortiq” salomatlik uchun xavfli...mi?

16:30 08 Fevral 2024 Jamiyat
589 0

Inson hamisha goʻzalikka intilib yashaydi. Shu sababli tanamizdagi hech bir oʻzgarishga befarq boʻla olmaymiz.Misol uchun, terida paydo boʻladigan turli oʻsimtalar, toshmalarni olaylik. Xalq tilida soʻgal yoki “ortiq” deb ataluvchi bu nuqsonlarning ayrimlari tashqi ekologik omillar, kimyoviy taʼsirlar va quyoshning ultrabinafsha nurlari natijasida kelib chiqsa, baʼzilarini turli virus va infeksiyalar chaqiradi.

Xoʻsh, bular inson salomatligi uchun qanchalik xavfsiz?

Ushbu savolga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori oʻrinbosari Avaz Inoyatov javob berdi.

— Terida paydo boʻluvchi oʻsimtalar xavfli, xavfsiz, yuqumli va yuqumsizligiga qarab alohida turlarga ajratiladi, — deydi mutaxassis. — Xususan, bazalioma, yassi teri toʻqimalari oʻsmasi va melanoma xavfli, siringoma, yogʻ bezlari giperplaziyasi, ksantelazma, miliuma, keratoma kabilar esa xavfsiz oʻsmalarga kiradi.

Bugun tibbiyotimizda teridagi har qanday nuqson va kasalliklarni kechiktirmay aniqlash hamda davolash boʻyicha yetarli shart-sharoit mavjud. Diagnostika va davolash jarayonida yuqori texnologik usullar hamda zamonaviy shifo usullaridan foydalaniladi.

Faqat har bir kishi oʻz salomatligiga befarq boʻlmay, vaqtida shifokor qabuliga borishi va tavsiyalarga amal qilishi lozim. Afsuski, baʼzilar terida paydo boʻladigan soʻgal va “ortiq” kabi oʻsmalarni oʻz bilganicha yulib tashlab, har xil surtmalar bilan davolashga harakat qiladi.

Bu mutlaqo notoʻgʻri boʻlib, sogʻlik uchun xavflidir. Negaki, terida paydo boʻladigan har qanday muammo biror kasallik belgisi boʻlib, uni shifokor nazorati ostidagina davolash lozim. Aks holda xavfli oʻsmalar rivojlanishi yoxud xavfsiz oʻsimta infeksiyalari organizmga yoyilib, ikkilamchi xastaliklarni chaqirishi mumkin.

Tibbiyotimizda xavfsiz oʻsmalar elektrokoagulyatsiya, krioterapiya, lazer destruksiya, radiotoʻlqinli usullar va tibbiy preparatlar bilan davolanmoqda. Xavflilari esa jarrohlik, nur va kimyoterapiya usulida muolaja qilinyapti. Muhimi, bu jarayonda kutilgan natijaga erishish va kasallikni butunlay bartaraf etish uchun uni oʻz vaqtida aniqlash zarur.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер