Sodiq Safoyev YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi direktori bilan uchrashdi
2021-yil 29-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi birinchi oʻrinbosari S. Safoyev Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi direktori (YEXHT DIIHB) M. Mekachchi boshchiligidagi delegatsiyasi aʼzolari bilan uchrashdi.
Tomonlar soʻnggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar va oʻzaro muloqot yangi sifat darajasiga koʻtarilganligini qayd etdilar.
M.Mekachchi Oʻzbekistondagi demokratik islohotlarga yuqori baho berib, oʻzaro aloqalarni yana-da rivojlantirishga tayyorligini maʼlum qildi.
Uchrashuvda xalqaro standartlar va eng yaxshi xorij amaliyoti asosida Oʻzbekistonda saylov toʻgʻrisidagi milliy qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha olib borilgan ishlar haqida qisqa axborot berildi.
YEXHT DIIHB direktori joriy yil oktyabr oyida boʻlib oʻtadigan Prezident saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish jarayonida DIIHB oʻzaro hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.
M. Mekachchi saylov jarayoni demokratik prinsiplar va standartlarga muvofiq oʻtishi uchun Oʻzbekistonda saylov tizimini yana-da takomillashtirish masalalariga berilayotgan eʼtiborni yuqori baholadi.
Tomonlar hamkorlik va oʻzaro munosabatlarni yana-da chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirib, oʻzaro manfaatli masalalar yuzasidan fikr almashdi.
Tashrif davomida YEXHT DIIHB ekspertlari siyosiy partiyalar, bir qator idoralar, NNT rahbarlari, OAV va Oʻzbekistondagi xalqaro tashkilotlar vakillari bilan ham uchrashuvlar oʻtkazadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring