Soch nega tez-tez va koʻp toʻkiladi?
Bugun aksariyat insonlar soch toʻkilishidan qiynaladi. Maʼlumotlarga koʻra, hozir dunyoda ayollarning 75 foizi, erkaklarning 50 foizi aynan shu muammodan aziyat chekmoqda.
Xoʻsh, sochlar tez-tez va koʻp toʻkilishining asosiy sababi nima?
Ushbu savolga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori oʻrinbosari Avaz Inoyatov javob berdi.
— Soch – insonning yarim husni. Biroq uning birlamchi vazifasi chiroy ulashish emas, balki issiq yoki sovuq havodan asrash, — deydi mutaxassis. — Ammo shunga qaramay, sochlarni doim ham saqlab qolishning imkoni yoʻq. Chunki tolalarning muayyan umri bor va bu muddat tugagach, ularning toʻkilishi, tabiiy.
Mazkur jarayon muntazam davom etib, toʻkilgan sochlar oʻrniga yangilari oʻsib chiqishi kerak. Misol uchun, bir kunda oʻrtacha 80-100 tagacha tola toʻkilishi meʼyordir.
Ushbu jarayon tezlashib, yangi tolalar oʻsib chiqishi kamaysa, oʻz-oʻzidan xavotirlanishga sabab boʻladi. Tolalarni toʻkadigan omillar juda koʻp. Eng avvalo, bu irsiyat bilan bogʻliq. Agar ota-onalardan birida bunday muammo boʻlsa, u farzandga ham oʻtishi mumkin.
Shuningdek, baʼzida soch oʻchoqli, yaʼni tanga-tanga boʻlib toʻkilishi yoki umumiy siyraklashishi mumkin. Ayrim erkaklarda esa androgen alopetsiya (tepakallik) uchraydi. Bunday kasallik gormonlar faoliyati buzilishi hamda irsiyat bilan bogʻliq.
Tangali soch toʻkilishi yoʻldosh kasalliklar hisobiga yuz berishi, gemoglabin kamayganda, homiladorlikda, narkoz olishda va asabiylashganda kuzatilishi mumkin.
Surunkali infeksiyalar, sil, oʻsma kasalliklari, nurlanish, stress, kasb bilan bogʻliq noqulay sharoitlar, notoʻgʻri parvarish, vitamin va boshqa muhim moddalarning yetishmasligi, ayrim dorilarni qabul qilish hamda oshqozon-ichak traktining patologiyalari ham ushbu muammoni yuzaga chiqaradi.
Soch toʻkilishi kishida tushkunlik uygʻotadi, oʻzidan qoniqmaslik, tortinish hissini kuchaytiradi. Shu bois kishi oʻzida tez-tez soch toʻkilayotganini sezsa, dermatolog-shifokorga murojaat qilishi lozim.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring