Smart karta shaklidagi kadastr pasportining yangi namunasi. U qanday afzalliklarga ega?
Koronovirus pandemiyasi chekina boshladi. Quruvchilar yangi uylarni bitirishmoqda. Propiska bekor boʻldi. Notariuslar va Davlat xizmatlari markazlariga mijozlar tashrifi tobora koʻpaymoqda. Uy-joy oldi-sotdisini rasmiylashtirish jarayoni ham yaqin orada avjiga chiqishi kutilyapti.
Nihoyat uy-joyli boʻlish nasib etdi. Rieltor taklif qilgan variant maʼqul keldi. Uy egasi ham narxdan yaxshigina oʻtib berdi. Tinch mahalla. Hammasi bib-binoyidek. Lekin koʻngil xotirjam emas. Sababi tanish-bilishlar orasida uy olaman deb chuv tushganlar yoʻq emas. Shularni oʻylab, koʻngil xijil boʻlmoqda. Bosh qotgan. Nima qilish kerak?
Smart karta shaklidagi kadastr pasportining yangi namunasi
Bu — uy xaridi vaqtida ishonch komil boʻlishi uchun xavfsiz va zamonaviy yechim. Bugungi kunda har qanday sohada texnologiya oʻz soʻzini aytmoqda. Endi kadastr sohasi ham bundan mustasno emas. Sohada zamonaviy innovatsion yechimlar joriy etilmoqda. Buning yorqin misoli — maxsus NFS texnologiyali mikrochipga ega “smart” yaʼni aqlli karta shaklidagi kadastr pasportidir. Yangi namunadagi kadastr pasporti quyidagi afzalliklarga ega:
1. Barcha kadastr maʼlumotlari bir joyda yagona maʼlumotlar bazasida saqlanadi. Smart karta ichidagi maʼlumotlar onlayn ravishda bazaga ulangan holda koʻriladi.
2. Barcha kadastr maʼlumotlari bir joyda, tartibli, qulay shaklda, toʻliq ravishda joy oladi.
3. Uy-joy bilan bogʻliq barcha kadastr ishlari doimiy ravishda elektron qayd etib boriladi va elektron kadastr tarixi vujudga keladi.
4. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xavfsizligi yuqori saviyada tashkil qilinadi.
5. Notarial idoralarda uy-joyni rasmiylashtirish vaqtida hujjatlarni koʻrib chiqish jarayoni sezilarli ravishda yengillashadi.
6. Smart karta yoʻqolib qolgan yoki yaroqsiz holga kelganda, masofadan turib bloklanadi va qisqa vaqt ichida yangi kadastr pasporti taqdim etiladi.
7. Geoportal bilan integratsiya natijasida uy-joyning geografik maydoni va chegarasi toʻgʻrisida oʻta aniq maʼlumot smart kartadan joy oladi.
8. Maxsus mobil ilova orqali kadastr pasporti maʼlumotlarini koʻrish imkoni yaratiladi. Buning uchun smart kartani telefonga yaqinlashtirish kifoya.
9. Maxsus NFS texnologiyasiga ega mikrochipli smart karta keng imkoniyatlarga ega. Tez orada uy-joy bilan uzviy bogʻliq boʻlgan kommunal, soliq, ipoteka va sugʻurta xizmatlarini smart karta orqali ishlatishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring