Sizlar hozirgi siyosatimizga, xalqimizga xiyonat qilyapsizlar — Prezident Toshkent shahri va viloyati rahbarlari “pastga tushmagan”ini aytdi
Avvalroq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yigʻilishi oʻtayotgani haqida xabar bergan edik. Unda Toshkent shahri va poytaxt viloyatidagi keskin sanitar-epidemiologik vaziyat tanqid qilindi.
Koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash boʻyicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani, epidemiologik vaziyatning salbiy oʻzgarishlariga tayyor boʻlishni taʼminlamagani, bu kasallik bilan “pastga tushib” mukammal shugʻullanmagani uchun Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevga hayfsan eʼlon qilindi. Shahar va viloyatning barcha sektor rahbarlari jiddiy ogohlantirildi.
“Hokimlar va sektor rahbarlari oʻz hududidagi haqiqiy ahvolni umuman oʻrganmagan va ”pastga tushmagan". Sizlar hozirgi siyosatimizga, xalqimizga xiyonat qilyapsizlar. Qanday achchiq boʻlsa ham, baho mana shunday.
Urush paytidagi vaziyat hozir. Urushda faqat xalqning tinchligi, xalqning osoyishtaligi, xalqning sogʻligʻini oʻylashimiz kerak. Eng asosiysi, birinchi rahbarlar tushunishni xohlamayapti. Ular oʻzlarining hududlaridagi tibbiyot muassasalariga biron marta kirmasdan, ular bilan uchrashmasdan, real vaziyatni oʻrganmagan va koʻrmagan, desak adolatdan boʻladi”, dedi Prezident.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring