Oʻzbekistonda Turkiya tibbiyot universitetining filiali tashkil etiladi. Talabalar 3 yil Oʻzbekistonda, 3 yil Turkiyada oʻqiydi
Vazirlar Mahkamasining “Sirdaryo viloyatida «Guliston tibbiyot klasteri” hamda xorijiy tibbiyot oliy taʼlim muassasasining filialini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.
Loyihada koʻra, Sirdaryo viloyati Guliston shahrida viloyat darajasidagi tibbiyot muassasalarini birlashtirgan “Guliston tibbiyot klasteri”ni va Guliston tibbiyot kolleji negizida Turkiya Respublikasining “Saglik Bilimleri universitesi” filiali tashkil etiladi.
Turkiya Respublikasining “Saglik Bilimleri universitesi” filiali nodavlat oliy taʼlim tashkiloti hisoblanadi.
Filial direktori muassislar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Filial kadrlarga boʻlgan ehtiyojni hisobga olgan holda oʻqitishning Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari, magistratura va klinik ordinatura mutaxassisliklari boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydi.
Filialda oʻqitish kunduzgi taʼlim shaklida, davlat va ingliz tillarida, jumladan, elektron va masofaviy taʼlim texnologiyalarini qoʻllagan holda Filial tomonidan tasdiqlangan oʻquv rejalari hamda dasturlarga muvofiq toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Filialda taʼlim faoliyati 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab amalga oshiriladi.
Filialda bakalavriat taʼlim yoʻnalishida oʻqitish jarayoni 3+3 (3 yil Oʻzbekistonda, 3 yil Turkiyada) tashkil etiladi, bunda 30 foiz talabalar Universitet mablagʻlari hisobidan ajratiladigan grantlar boʻyicha oʻqitiladi.
Filial bitiruvchilari attestatsiyasi Vazirlik bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan belgilangan talab, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi va bitiruvchilar oʻz yashash joyi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi davlat tibbiyot tashkilotlarida davlat va universitet granti asosida oʻqiganlar
3 yil ishlab berish majburiyati belgilanadi.
Filial bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitet diplomi beriladi.
Filial davlat buyurtmasi asosida maqsadli kadrlar tayyorlashi mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring