Sirdaryoda teatr chiptalari joriy yilda ham arzonligicha qolmoqda
Ahmadali SHERNAZAROV/”Xalq soʻzi”. Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri spektakllarining chipta narxi hozir ham oʻtgan yilgidek arzonligicha qolmoqda. Yaʼni, kattalar uchun namoyish etilayotgan tomoshalar 15 ming soʻm, bolalarniki atigi, 10 ming soʻm. Yaʼni, oʻgʻil-qizlar oʻrtacha narxdagi bir dona muzqaymoq puliga ajoyib spektakl tomosha qilishlari mumkin.
— Bolalarga moʻljallangan spektakllarni, asosan, dam olish kunlari qoʻyamiz, — deydi teatrning isteʼdodli aktyorlaridan biri Qandiyor Rustamov. — Yosh tomoshabinlar uchun tayyorlagan repertuarimiz ham ancha boy. Unda oʻnga yaqin sahna asarlari bor. Teatrimiz katta yoshdagilar uchun haftaning juma va shanba kunlari, koʻpchilikka qulay paytda tomoshalar koʻrsatmoqda. Keyingi paytda spektakllarimiz namoyishiga jamoaviy va oilaviy boʻlib kelishlar koʻp kuzatilmoqda. Albatta, bu biz aktyorlarni yanada ilhomlantiradi.
Eslatib oʻtish joizki, ushbu sanʼat maskani jamoasi spektakllarni joylarda sayyor tarzda ham namoyish etib kelmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring