Sirdaryo viloyati Shirin shahrida “Nexia-2” kanalga tushib ketishi oqibatida avtoulov haydovchisi va 4 nafar yoʻlovchi halok boʻldi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, kecha, 17-iyun kuni soat 13:00 larda “Janubiy Mirzachoʻl” kanali ustidan oʻtgan, Shirin shahri M. Ulugʻbek mahallasini Nurobod mahallasi bilan bogʻlab turuvchi koʻprik ustidan harakatlanayotgan “Nexia-2” rusumli avtomashina boshqaruvini yoʻqotib koʻprik toʻsinlariga urilgan va kanalga tushib ketgan.
Oqibatda avtomashinada boʻlgan haydovchi va 4 nafar yoʻlovchi hodisa joyida choʻkib ketib, halok boʻlgan.
Maʼlum qilinishicha, viloyati Favqulodda qutqaruv guruhi gʻavvoslari tomonidan olib borilgan tezkor qutqaruv ishlari davomida “Janubiy Mirzachoʻl” kanalidan haydovchi va 3 nafar yoʻlovchilarning jasadlari hamda “Nexia-2” rusumli avtomashina olib chiqilgan.
“Hozirda Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruv guruhi gʻavvoslari tomonidan avtomashinada boʻlgan 1 nafar yoʻlovchini qidirib topish choralari koʻrilmoqda”, deyiladi xabarda.
Qoʻshimcha qilinishicha, mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring