Sirdaryoda “Kitobxon davlat xizmatchisi” tanlovi oʻtkazildi
Ahmadali ShERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Sirdaryo viloyati hokimining farmoyishiga koʻra, birinchi marta tashkil etilgan mazkur tanlov ikki bosqichda boʻlib oʻtdi. Unda hokimliklar, boshqarmalar, tashkilotlarning rahbar va xodimlari ishtirok etdi.
Tanlovning birinchi bosqichi onlayn tarzda tashkil qilinib, nomzodlar ilmiy-ommabop, oʻzbek hamda jahon adabiyotlari, buyuk adiblarimiz hayoti va ijodiga oid 25 ta test savollariga javob berdi.
Ikkinchi, yaʼni final bosqichida ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan kitobxon xodimlar esa “Badiiy asarlar bilimdoni” va “Tezkor savol-javob” shartlari asosida bellashdi.
— “Kitobxon davlat xizmatchisi” tanlovidan koʻzlangan maqsad davlat xizmatchilari, ayniqsa, davlat xizmati tizimidagi yoshlarning mutolaa bilan muntazam shugʻullanishi va bu orqali bilim hamda dunyoqarashini yanada boyitish koʻzda tutilgan, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Sirdaryo viloyati filiali rahbari Otabek Mavlonberdiyev. — Quvonarlisi, ushbu tanlovda ishtirok etish uchun yuzlab talabgorlar ariza taqdim etdi. Bu davlat tashkilotlari jamoalarida kitobxon yurtdoshlarimiz koʻpligidan dalolat, albatta. Bir soʻz bilan aytganda, viloyatimizda ilk bor oʻtkazilgan mazkur tanlov kutilgan natijani berdi. Endi uni har yili oʻtkazib turishni belgilab oldik.
Tanlov yakunida gʻoliblar aniqlandi. Shartlar boʻyicha eng yuqori natijaga ega boʻlgan Markaziy bankning Sirdaryo viloyati bosh boshqarmasi bosh iqtisodchisi Shahnoza Meliboyeva birinchi oʻringa munosib topildi. Sirdaryo tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi bosh mutaxassisi Zamira Yoʻldosheva ikkinchi, viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Shoira Qurbonova uchinchi oʻrinni egalladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring