Sirdaryo viloyati tashkil etilganiga 60 toʻldi
Foto: Xalq so‘zi
Bundan 60 yil ilgari, 1963-yil 16-fevral kuni Sirdaryo viloyati tashkil etildi. U mamlakatimizning Mirzachoʻlni oʻzlashtirish negizida vujudga kelgan nisbatan eng yosh viloyatlaridan biri hisoblanadi.
Oʻtgan 60 yil mobaynida hudud qiyofasi tanib boʻlmas darajada obod boʻldi. Yangi shaharlar, qishloqlar barpo etildi. Natijada Turkiston togʻ tizmalari etagida, Qizilqumga tutash kengliklarda Vatanimizning koʻrkam, fayzli goʻshasi paydo boʻldi. Choʻlquvarlar qaqroq yerda dehqonchilik qilish, irrigatsiya tizimini joriy etish va boshqa oʻnlab jabhalarda boy tajriba toʻpladilar.
Tarixiy Farhod GESi yaqinida mamlakatimizning gigant nurxonasi- Sirdaryo issiqlik elektr korxonasi, mana, yarim asrdan oshiq vaqtdan buyon yurtimiz nurafshonligiga katta hissa qoʻshib kelmoqda. Ayni paytda uning qatoriga bir necha zamonaviy nurxonalar qoʻshildi va qoʻshilmoqda.
Eʼtirof etish kerakki, viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji mustaqillik yillarida misli koʻrilmagan darajada oʻzgardi. Yillar davomida agrar viloyat boʻlib kelgan Sirdaryo ham tarkibiy, ham miqdor jihatidan yuqori salohiyatli va istiqbolli industrial hududga aylandi.
Shu bilan birga hudud aholisi ham sezilarli darajada oshdi. Bugungi kunda bu boradagi koʻrsatkich 896,6 ming kishiga yetdi.
Ayni paytda Sirdaryoda viloyatga boʻysunuvchi 3 ta shahar va 8 ta tuman, shuningdek, tumanlarga boʻysinuvchi 25 ta shaharcha, 236 ta mahalla fuqarolari yigʻini mavjud.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring