Sirdaryo viloyati hokimi chegara bojxona postlarida boʻldi
“Xalq so`zi ONLINE”
“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Bugun Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ. Mirzayev Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosi boʻyicha viloyatdagi chegara bojxona postlarida boʻlib, koronavirus infeksiyasining mamlakatimiz hududiga kirib kelishining oldini olish boʻyicha yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi tasarrufidagi “Sirdaryo” chegara bojxona posti Qozogʻiston Respublikasi bilan chegaradosh hududda joylashgan. Postga Sirdaryo viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi tomonidan ajratilgan “Testo 890” rusumli inson tana haroratini oʻlchovchi teplovizor oʻrnatilgan. Sirdaryo tumani sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari tomonidan chegaradan oʻtayotgan har bir fuqaroning tana harorati ushbu uskuna yordamida tekshiruvdan oʻtkazilmoqda. Shuningdek, Xovos tumanida joylashgan “Xovosobod” chegara bojxona posti ham inson tana-haroratini masofadan aniqlaydigan “pirometr” (kontaktsiz termometr) moslamalari bilan jihozlangan. “Sirdaryo”, “Xovosobod” chegara bojxona postlari hamda “Malik” va “Oqoltin” chegara oʻtkazish punktlariga qoʻshimcha ravishda termometr, maxsus himoya kiyimlari (kombinizon) ajratilgan boʻlsa, koʻrgazmali materiallar fuqarolarga koʻrinadigan joylarga joylashtirilgan. Shuningdek, tuman sogʻliqni saqlash boʻlimining infeksionist shifokorlarining barcha chegara bojxona postlarida qatʼiy jadval asosida faoliyat olib borishlari yoʻlga qoʻyilgan.
Bundan tashqari, bojxona postlari va punktlarida xizmat olib borayotgan xodimlar va chegara xodimlari shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilib, bojxona xodimlari bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirishda himoya niqoblari va qoʻlqoplardan hamda antibakterial vositalardan foydalanib kelishmoqda.
Chegara bojxona postlarida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari qaytayotganligi, yuk avtotransport vositalari jumladan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari qoʻshni davlatlarga eksportga belgilangan tartibda qisqa muddatlarda chiqarilayotganligi kuzatildi.
Viloyat Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazining vrach-epidemiologlari ishtirokida “Sirdaryo” va “Xovosobod” chegara bojxona postlari hamda “Malik” va “Oqoltin” chegara oʻtkazish punktlarida yoʻlovchilar hamda chegara, bojxona, bank, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazorati xodimlariga amaliy seminarlar oʻtkazilgan boʻlib, Sirdaryo tumanida joylashgan “Sirdaryo” chegara bojxona postida esa “Yangi turdagi koronavirus infeksiyasini respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishini oldini olishda FVDT rahbar organlari, kuch-vositalarining hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida koʻrgazmali maxsus taktik oʻquv-mashqi tashkil qilingan.
Shu bilan birga, viloyat rahbari chetdan kirib kelayotgan sirdaryoliklarni karantinga olishga ajratilgan va barcha belgilangan talablarga javob beradigan Yangiyerdagi sihatgoh faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring