Sifatli va arzon mashina ishlab chiqarish — davr talabi!
Avtomobilsozlik sanoati mamlakatimiz xalqi, ayniqsa, blogerlarining eng koʻp muhokama qiladigan tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Tan olish kerakki, avtosanoatimizda hammamizni oʻylashga majbur qiladigan muammolar juda koʻp. Ularning eng muhimlaridan biri — mashinalarimizning narxi dunyo bozoridagi bir xil klassdagi avtomobillar narxidan baland ekanligi hisoblanadi.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham avtomobilsozlik tarmogʻimizdagi ogʻriqli nuqtalar, ayniqsa, uning narxi balandligi haqida bir necha marta alohida taʼkidlab oʻtganligi bejiz emas. 13-yanvar kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston mashinasozlik sanoatini transformatsiya qilish va sohada raqobatni rivojlantirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishida mazkur muammolar yana bir bor chuqur tahlil etildi, mutasaddi rahbarlarning hisobotlari eshitildi, mashinasozlikni yana-da rivojlantirish boʻyicha tegishli chora va tadbirlar belgilandi.
Tan olish kerakki, mustaqillik sharofati bilan barpo etilgan mazkur tarmoq mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchilaridan hisoblanadi va uning sanoatdagi ulushi 11 foizga teng. Bir paytning oʻzida, mutaxassislar hisob-kitoblariga koʻra, sohada ishlab chiqarishni bir necha barobar oshirish imkoniyati bor. Mamlakatimiz rahbari yigʻilishda alohida taʼkidlab oʻtdiki, xorijning qator nufuzli avtomobilsozlik kompaniyalari Oʻzbekistonda avtozavodlar qurish takliflari bilan murojaat qilishyapti. Shu bois yigʻilishda davlatimiz rahbari shu paytga qadar amal qilib kelgan mashinasozlik sohasidagi ayrim ishlab chiqaruvchilar uchun imtiyozli sharoitlar yaratib kelinganligini qoralab, mazkur noxush holatlarga barham berish va hamma uchun bir xil sharoitlar joriy etishni taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Yigʻilishda avtomobillarning narxini tushirish, elektromobillar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish masalalari ham muhokama qilindi. Ehtiyot qismlarni xorijdan olib kelib, ulardan “qoʻlda avtomobil yasash” emas, balki mashinalarni sanoat usulida yigʻish, yiliga kamida 50-60 mingta arzon avtomashina va elektromobillar ishlab chiqarish boʻyicha qaror qabul qilindi. Buning uchun 2021-yilning oʻzida Xorazmda kuzov detallarini tayyorlash korxonasi, Andijonda 4 ta, Navoiy viloyatida 2 ta mahalliylashtirish loyihalari ishga tushiriladi. Kooperatsiya asosida 122 ta xususiy korxona ishtirokida yana 80 ta detal ishlab chiqarish mahalliylashtiriladi. Joriy yilning oʻzida tarmoq tarkibidagi 40 ta korxonani transformatsiya qilish boshlanadi. Tarmoqda raqobat muhitini rivojlantirish uchun kompaniya tarkibidagi ehtiyot va butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan 23 ta korxona xususiylashtiriladi. «Oʻzavtosanoat»ning 14 ta tashkilotdagi asosiy faoliyatiga bogʻliq boʻlmagan ulushlari sotiladi.
Yuqorida bayon etilgan maʼlumot va raqamlardan koʻrinib turibdiki, kun tartibida avtomobilsozlik sohasida tub burilishlar qilish maqsad qilib qoʻyilmoqda. Agar yigʻilishda belgilangan vazifalar oʻz muddatida va talab darajasida bajarilsa, bu mazkur sohada mavjud juda koʻp muammolar oʻz yechimini topishi mumkinligidan dalolat bermoqda. Baxtga qarshi, oʻzbek avtomobilsozlari tashkil topgan davridan boshlab shu kunga qadar oʻzlari uchun goʻyo “mamlakat ichida alohida mamlakat” yaratib olishganday yashab kelishmoqda. Davlat manfaatlaridan idoraviy manfaatlarni, baʼzi bir blogerlar fikri boʻyicha esa hatto “choʻntaklarini” baland qoʻyishmoqda. Fikrlar xilma-xil, ularning ichida haqiqatdan ham avtomobilsozlik tarmogʻini bozor standartlari asosida rivojlantirishga hissa qoʻsha oladigan takliflar ham bor, alamzadalik bilan bildirilayotgan asossiz mulohazalar ham koʻp. Ulardan ayrimlari bilan tanishamiz. Blogerlar bildirayotgan “elektr energiyasi bilan taʼminotning talab darajasida emasligi tufayli bu tarmoqni isloh qilish va elektromobillar ishlab chiqarish qiyin”; “yigʻilishda qabul qilingan hujjatlarda «arzon avtomobil” tushunchasi aniq ifodalanmaganligi bu vazifani bajarishga monelik qiladi»; “elektromobillardan foydalanish infratuzilmalari hali tayyor emas”; “davlat xizmatchilari «UzAuto Motors” avtomobillaridan majburiy ravishda xizmat avtomashinalari sifatida foydalanishlari shart» kabi fikrlarda haqiqatdan ham jon bor.
Qish oylarida elektr energiyasi miqdori yetishmayotganligi koʻrinib turibdi va bu holat xalqimizning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Shu bois mamlakatimiz Prezidenti 2018-yil 23-oktyabrda imzolagan “Elektr energetikasi tarmogʻini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3981-son qaror bilan yaqin kelgusi davrda mavjud barcha elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi subyektlarni toʻla modernizatsiya qilish va yangidan oʻnlab yangi korxonalar barpo etishni koʻzda tutuvchi maxsus dastur qabul qilingan. Bu boradagi ishlar reja boʻyicha ketyapti va elektr energiyasi bilan taʼminot qisqa fursatlarda talab darajasiga chiqishiga ishonaman. Blogerlarning qolgan 3 ta yoʻnalishda koʻrsatgan kamchiliklarni tuzatish boʻyicha ham tegishli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Lekin bu vazifalarni bajarish uchun hammamiz birgalikda kurashmogʻimiz lozim. Vatan, xalq manfaatlari idoraviy yoki shaxsiy manfaatlardan ustun boʻlishi kerak. Qolaversa, “tugʻilganidan beri inkubator muhitida” ishlab kelayotgan oʻzbek avtomobilsozlariga haqiqiy bozor talablari va xorijdan yurtimizga kirib kelayotgan nufuzli avtomobilsozlik kompaniyalari bilan raqobat sharoitida yashab ketish oson boʻlmaydi. Mamlakatimiz avtomobil sanoati jamoalari bu oddiy haqiqatni qanchalik tez va toʻgʻri tushunishsa hamda sifatli va arzon mashina ishlab chiqarishni taʼminlay olishsagina bozordagi oʻrinlarini saqlab qolishlari mumkin boʻladi!
Odil Olimjonov,
iqtisod fanlari doktori, professor
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring