“Siemens” kompaniyasi O‘zbekistondagi shifoxonalarga eng ilg‘or tibbiyot uskunalarini yetkazib beradi
Shu yil may oyida Samarqandda o‘tkazilgan O‘zbekiston — Germaniya xalqaro tibbiyot forumi sog‘liqni saqlash sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
Anjumanda ko‘plab nemis korxona, klinika va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari qatorida dunyoga mashhur “Siemens Healthineers” kompaniyasi bilan ham mamlakatimiz shifoxonalariga zarur tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishilgan edi.
Oradan qisqa vaqt o‘tib, ana shu kelishuv ijrosi yuzasidan muloqot boshlandi: Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ushbu kompaniyaning vise-prezidenti Bernt Biber boshchiligidagi delegasiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ta’kidlash joizki, 125 yildan ziyod tajribaga ega “Siemens Healthineers” kompaniyasi tibbiyot sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish va tibbiy asbob-uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha dunyoda yetakchilardan hisoblanadi.
Vazir muloqotda qayd etganidek, bugun O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi to‘liq transformasiya qilinmoqda. Bu jarayonda yurtimizdagi davlat davolash-profilaktika muassasalari qatori, 8 mingdan ziyod xususiy shifoxonalarni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash va bu orqali aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi tibbiyot va tibbiy ta’lim xabiga aylantirish uchun yetarlicha imkoniyat va salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, germaniyalik mehmonlar o‘zbek tibbiyoti jadal sur’atlarda taraqqiy etayotganini e’tirof etib, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan uzoq muddatli hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Muloqot davomida mamlakatimizdagi davlat va xususiy tibbiyot muassasalariga zarur tibbiy asbob-uskunalarni yetkazib berish, ularga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan servis-markazlar tashkil etish va mutaxassislar tayyorlash, sohaga eng so‘nggi rusumdagi innovasion texnologiyalarni joriy etishga kelishib olindi.
Yakunda Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Siemens Healthineers” kompaniyasi o‘rtasida memorandum imzolandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring