Shukronalik olijanoblikdir
Bugun Yangi Oʻzbekiston dunyoga yuz tutyapti. Koʻpchilik davlatlar yurtimizdagi oʻzgarishlar, jadal taraqqiyotga havas qilayotganini koʻrib turibmiz. Shunday pallada uzoq va yaqin tariximizni, bugungi faraxbaxsh kunlarga osonlikcha yetib kelinmaganini yodga olgisi keladi, kishini. Ayniqsa, xalqimiz boshidan kechirgan alam va sitamlarni keksa avlod juda-juda yaxshi eslaydi.
Tarixdan maʼlum, dunyoda ikkinchi renessans davriga asos solgan ziyoli ota-bobolarimizning ilm-fan va taraqqiyot bobidagi xizmatlarini unutishga majbur qilindi. Jahonda tibbiyot asoslari poydevorini yaratgan Abu Ali ibn Sino, hozirgi kunda zamonaviy axborot texnologiyalari mulkiga aylangan kompyuterning paydo boʻlishiga sababchi boʻlgan al-Xorazmiy, koinotni zabt etgan, yulduzlarning dastlabki joylashuvi, tizimini yaratgan Mirzo Ulugʻbek, gʻazal mulkini mulkining sultoni hazrat Navoiy, koʻplab davlatlarni zabt etib, ularning taraqqiyotini taʼminlagan Amir Temur bobomiz kamsitildi.
Yoki kechagi kunimiz,sobiq Ittifoq davrida Oʻzbekiston xom-ashyo bazasi, paxta yetishtirib beruvchi provinsiyaga aylantirilganini eslaylik.Oʻzbeklar faqat qishloq xoʻjaligi uchun yaratilgan, ulardan ziyolilar va ilm-fan sohiblari yetishib chiqmaydi, degan yorliqlar yopishtirildi. Oxir-oqibat “Oʻzbeklar ishi”, “Paxta ishi” deb yuzlab, minglab begunoh zamondoshlarimiz tahqirlandi, hatto, ayrimlari bu azoblardan bevaqt olamdan oʻtdilar.
Ming shukurki, bu koʻrgiliklarning bari ortda qoldi. Oʻttiz yildan buyon erkinlikda yashayotgan xalqimiz oʻzining nimalarga qodirligini koʻrsatmoqda. Bosqichma-bosqich taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtyapmiz. Eʼtirof etish kerakki, mamlakatimiz tarixida 2016-yildan tub oʻzgarishlar davri boshlandi. Tashqi siyosatda ochiqlik va tenglik, xalqimizning manfaatini koʻzlagan holda olib borilayotgan dono siyosat natijasida dunyo hamjamiyatida Oʻzbekistonning nufuzi va oʻrni beqiyos darajada oʻsdi hamda bu jarayon davom etmoqda.
Bir vaqtlar demokratiya yetarli darajasida emasligi, inson huquqlari poymol boʻlayotganligi, voyaga yetmaganlarni majburiy mehnatga jalb etishlar kabi malomatlar boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda manaman degan davlatlar Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga, maslakdoshlikka intilmoqda.
Ichki siyosatda esa iqtisodiyotga toʻliq erkinlik berilayotgani, unda davlat aralashuvini kundan-kunga qisqartirilayotgani oʻz samarasini bermoqda.
Birgina misol, Mustaqillikning dastlabki yillarida xalq isteʼmoli tovarlari bilan taʼminlash, ayniqsa un va un mahsulotlari yetkazib berishda murakkabliklar va uzilishlar boʻlgani koʻpchilikning xotirasida. Bugun esa bugʻdoy eksport qiluvchi mamlakatlar qatoriga kirdik. Tadbirkorlarga tom maʼnoda erkinlik, imtiyoz va imkoniyatlar yaratilayotgani natijasida ularning safi kengayib, yalpi ichki mahsulot hajmidagi ulushi ortib bormoqda.
Bir vaqtlar arzimagan bahona bilan qora roʻyxatga olinib, kamsitilgan fuqarolar, xususan yoshlar qoʻli qonga boʻyalmagan boʻlsa, afv etilmoqda, toʻgʻri yoʻlga tushib olishlari uchun imkoniyat berilmoqda. Ish bilan taʼminlanmagan va kambagʻal oila farzandlari uchun imtiyozli bank kreditlari ajratilib, tadbirkorlik bilan oʻzlarini oʻzlari band etishlari uchun subsidiya asosida issiqxonalar qurib berilmoqda , chok mashinalari, asbob-uskuna va xom-ashyo bilan taʼminlanmoqda
Yurtboshimiz tomonidan hech ikkilanmay Oʻzbekistondagi aholining 10-12 foizi kambagʻalligini roʻyi-rost aytilganligi ularni puxta va aniq manzilli ijtimoiy himoyalash tizimini yaratishga asos boʻldi. Soʻnggi besh yilda erishilgan ijobiy natijalarning asosiy omili xalq manfaatlarini koʻzlagan holda aholi turmush sharoitini yana-da yaxshilash yuzasidan ulkan va dolzarb vazifalar qoʻyish bilan birga ularning yechimi va moliyaviy manbalari ham aniq koʻrsatib berilganligidir.
Yuqorida taʼkidlanganidek, ezgu-niyat va ehtiyoj kundan kunga ortib boraveradi, shunga mos ravishda taʼminot manbalari yaratiladi. Insonning ehtiyojlari va maqsadi cheksiz va imkoniyatlardan kelib chiqib ortib boradi. Shu nuqtayi nazardan qaraydigan boʻlsak, jamiyatimizda ham ayrim yechimini kutayotgan muammolar va kemtik nuqtalar bor va bundan keyin ham boʻladi. Bugungi kunda ana shu holatlarni boʻrttirib ifodalash, aholining kayfiyatiga salbiy taʼsir etuvchi maʼlumotlar va fikrlar uchrab turgani ham bor gap. Bu ijobiy holat , chunki hayotimizdagi kamchiliklarni roʻyi-rost va adolatli koʻtarib chiqish zarurligini Prezidentning oʻzi taʼkidlamoqda. Bu harakatlarda avvalo, amalga oshirilgan ijobiy ishlarni eʼtirof etgan holda mavjud muammolarni adolatli bayon etish va ularni yechimi boʻyicha ham takliflar bildirish maqsadga muvofiqdir.
Yana bir masala, ayrim fuqarolar, jumladan, baʼzi bir keksalar tomonidan turli taklif va oʻzlariga maʼlum boʻlmagan masalalar boʻyicha mulohazalar va fikrlar bildirilmoqda. Biz nuroniylarimizdan koʻproq yoshlar tarbiyasi, oila va mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash va oilalar mustahkamligini taʼminlash, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish masalalarida faol boʻlishlarini soʻraymiz.
Zero,muqaddas kitoblarda ham insonlar uchun barcha noz-neʼmatlar, yer, suv va yomgʻirlarni yubordik, ushbu neʼmatlardan foydalaningizlar, faqat isrof qilmangizlar hamda shukrona qilingizlar, deya taʼkidlangan.
Shunday ekan, bugungi dorilamon turmushimizga shukur qilgan holda yashab,ishlaylik, yurtimizning ravnaqi uchun barchamiz hamjihat boʻlaylik.
Ikromxon NAJMIDDINOV,
Namangan viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring