Fransiyaning Groupe Casino chakana savdo tarmogʻi Toshkentda oʻz filialini ochadi
24-yanvar kuni Toshkent shahar hokimligida poytaxt hokimi oʻrinbosari Sh.Rahmonov Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik boʻyicha direktor Ervan Xuard boshchiligidagi Groupe Casino kompaniyasi (Fransiya) vakillari bilan uchrashdi.
Sh.Rahmonov mehmonlarni samimiy kutib olib, ular bilan uchrashib turganidan xursand ekanligini taʻkidladi. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yirik chakana savdo tarmoqlari haqida gapirar ekan, Groupe Casino ham Oʻzbekistonda munosib oʻrin egallashi mumkinligini aytib, yortimizda chakana savdo bozorining jadal rivojlanishi biznes uchun noyob imkoniyatlarni taqdim etishini maʻlum qildi.
E. Xuard samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirdi va giper-, super- va minimarketlarning keng tarmogʻiga ega boʻlgan eng yirik fransuz chakana savdo tarmoqlaridan biri boʻlgan Groupe Casino haqida maʻlumot berdi. Mehmon Toshkent shahrida savdo tarmogʻini ochishdan manfaatdor ekanligini taʻkidlab, poytaxt hokimligining koʻmagiga umid bildirdi.
Konstruktiv va doʻstona muloqot ruhida oʻtgan uchrashuv yakunida hokimlik vakillari xorijiy kompaniyani qoʻllab-quvvatlashga, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining hududiy boʻlimi koʻmagida mahalliy hamkorlar bilan uchrashuv tashkil etishga tayyor ekanliklarini maʻlum qildilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring