Shofirkondagi ixtisoslashtirilgan maktab uch qavatli zamonaviy o‘quv binosiga ega bo‘ldi

16:12 05 Aprel 2023 Jamiyat
1121 0

Foto: Xalq so'zi

Respublika Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligining Shofirkon tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabi uch qavatli zamonaviy o‘quv binosiga ega bo‘ldi.

O‘z faoliyatini o‘tgan yilning avgustida boshlagan mazkur o‘quv maskani shu paytga qadar tuman markazidagi 1-son umumta’lim maktabidan qo‘nim topgan edi. Bu esa tabiiyki, har ikkala ta’lim muassasasi uchun ham noqulayliklar tug‘dirayotgandi. Endilikda bu masala kun tartibidan tushdi. Gap shundaki, ixtisoslashtirilgan maktabning bo‘lg‘usi boshpanasi --sobiq iqtisodiyot kasb – hunar kolleji binosida mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi. Ob’yekt 6 milliard 400 million so‘m miqdoridagi mablag‘ evaziga rekonstruksiya qilindi. O‘z navbatida agentlik tomonidan 2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga o‘quv samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan zamonaviy jihozlar, jumladan, 59 ta ko‘p funksiyali monoblok kompyuter yetkazildi.

Xabaringiz bor, bu kabi ixtisoslashgan maktablarga o‘qituvchilar ham, o‘quvchilar ham sinov imtihonlari asosida qabul qilinadi.Hozir ushbu ta’lim dargohida 328 nafar yosh iste’dod egasi o‘z kasbining fidoyisi sanalgan zukko o‘qituvchilar qo‘lida saboq olmoqda.Barcha qulayliklarga ega yangi o‘quv binosining foydalanishga topshirilishi esa tabiiyki, nafaqat ta’lim sifati, balki pedagoglar zimmasidagi mas’uliyatni ham oshiradi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер