Shifokor pirotexnika vositalari zararidan ogohlantirdi
Yangi yil bayramigacha hali toʻrt haftaga yaqin vaqt bor. Ammo allaqachon koʻcha-koʻy, turarjoylar atrofi va boshqa jamoat joylarida “paqildoq”lar quloqni qomatga keltira boshladi. Qonuniy taqiqlarni chetlab oʻtib, bunday matohlarni yashirincha pullayotganlarni jondan aziz farzandlarimiz salomatligi tashvishga solmasligi tabiiy.
Biroq pirotexnika vositalarining asosiy xaridori boʻlgan oʻyinqaroq bolalaru oʻsmirlarni nega ota-onalari, yaqinlari, ustoz-murabbiylari, keng jamoatchilik vakillari yetarlicha nazorat qilmayapti?
Davron Toʻlaganov,
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori:
— Bu mavzuga takror-takror toʻxtalamiz, “paqildoq”larning salomatlik va hayot uchun xavfli jihatlari xususida chiqishlar qilamiz. Lekin, afsuski, bu muammo har qish faslida qarshimizdan chiqaveradi.
Mana, oʻtgan mavsumda Yangi yil arafasi va bayramdan keyingi kunlarda pirotexnika vositalaridan olingan jarohatlar tufayli markazimiz hamda uning hududiy filiallariga oʻnlab ogʻir ahvoldagi bemorlar murojaat qildi. Eng yomoni, ulardan 50 foizi shifoxonada uzoq yotib davolanishiga toʻgʻri keldi. Hatto baʼzilari hanuz asoratlardan aziyat chekmoqda.
Chunki bunday vositalarning bexosdan qattiq paqillashi kishilarni choʻchitib, yurak-qon tomir tizimiga oʻta salbiy taʼsir koʻrsatadi. Ushbu holat fojiali oʻlim bilan ham yakun topishi mumkin.
Yuz, koʻz, qoʻl sohalarida ogʻir kuyish jarohatlari;
— koʻzlarning shikastlanishi va koʻrish faoliyatining qisman yoki butunlay buzilishi;
— jarohat asorati bilan bogʻliq plastik operatsiyalarga muhtojlik, kuygan sohalarda dagʻal chandiqlar;
— qoʻl barmoqlari sohalarida kontrakturalar hosil boʻlishi “paqildoq” va salyutlarning salbiy oqibatlaridir.
Qolaversa, pirotexnika vositalari shovqinidan qattiq qoʻrqish tufayli ruhiy buzilish, surunkali asab va qon-tomir tizimi kasalliklari, qandli diabet, homilaga ziyon yetishi ehtimoli yuqori.
Yaqin masofada pirotexnika paqillashidan inson barotravma va akustik jarohatlar olib, karlik yoki umrbod quloq shangʻillashi (tinnitus) kasalligiga yoʻliqishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, joʻnatish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda Oʻzbekistonga olib kirish yoki oʻtkazish – huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, 1 mln. 700 ming soʻmdan 6 mln. 800 ming soʻmgacha jarima solishga sabab boʻladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring