Sherzod Shermatov AQSHning mamlakatimizdagi elchisi Jonatan Devid Xennik bilan uchrashuv oʻtkazdi
Joriy yilning 12-yanvar kuni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Amerika Qoʻshma Shtatlarining Oʻzbekistondagi yangi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Devid Xennik bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuv oʻtkazishdan asosiy maqsad – IT sohasida oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish va masofaviy xizmatlar eksportini yanada oshirishdan iborat.
Uchrashuvda Raqamli texnologiyalari vaziri Sh. Shermatov raqamlashtirish sohasida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtaldi. Jumladan, mamlakatni IT xabga aylantirish va raqamlashtirishni yangi bosqichga olib chiqish natijasida oʻtgan 2022-yilda IT eksport hajmi 100 mln dollardan oshganligi va uning asosiy qismi aynan AQSH bozoriga toʻgʻri kelishi aytib oʻtildi.
Shuningdek, Sobiq Ittifoq davlatlari ichida Oʻzbekiston aholisi eng koʻp oʻsganini hisobga olib, mamlakatda BPO va KPO orqali yoshlar uchun munosib masofaviy ish oʻrinlarini yaratish va bu orqali ularni oʻz oilalari bilan Oʻzbekistonda yashab, yuqori maoshli ish bilan taʼminlash muhimligi alohida taʼkidlandi.
Oʻz navbatida, maktablarda avval boshlangan English Speaking Nation loyihasi natijasida Cambridge University Press tomonidan ishlab chiqilgan ingliz tili kitoblarining oʻtgan oʻquv yilidan amalga kiritilganligi, kelgusi bitiruvchilarning ingliz tilini bilish darajasini oshirishga yordam berishi, bu esa koʻproq yoshlarimizni IT, BPO, KPO orqali daromad topish imkoniyatlariga jalb qilish mumkinligi bildirildi.
Vazirlik Coursera bilan hamkorlikda uzbekcoders.uz loyihasining keyingi bosqichi sifatida koʻproq yoshlarga ITʼdan qoʻshimcha taʼlim olish imkoniyatlari yaratilayotgani aytib oʻtildi. Shu bilan birgalikda, Vazirlik tomonidan koʻproq yoshlarimizni IT va Ingliz tiliga oʻrgatish boʻyicha IT-taʼlim sohasida ham hamkorlikni yanada kengaytirish, IT yoʻnalishida Amerikaning yetakchi universitetlarida yoshlarimizning taʼlim olib kelishi uchun yangi loyihalarni birgalikda ishlab chiqish boʻyicha takliflar berildi.
AQSHning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Devid Xennik Oʻzbekiston AQSH bilan geografik joylashuv nuqtayi nazaridan yaqin boʻlmasa ham, aynan IT sohasi orqali masofani yaqin qilib hamkorlikni rivojlantirish va uni yangi bosqichga olib chiqish uchun imkoniyat yetarli darajada ekanini bildirdi.
Shu bilan birga, yurtimizda AQSH yetakchi IT, startap va venchur kompaniyalarining vakolatxonalarini ochish, ular bilan yaqinlik oʻrnatishda elchixona imkoniyatlaridan foydalanish boʻyicha masalalar muhokama qilindi. Shu orqali bosqichma bosqich servis eksportidan, produkt eksportiga oʻtish muhimligi taʼkidlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring