Sherobodda ilk bora anor festivali boʻlib oʻtdi
Foto: Xalq so‘zi
Yevropa Ittifoqi komissiyasi, Jahon banki, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi hamda Oʻzbekiston Anorchilar assotsiatsiyasi hamkorligida “Sherobod Anor Impex” masʼuliyati cheklangan jamiyatida «Oʻzbekiston anorchilari kuni» respublika festivali boʻlib oʻtdi.

Shu munosabat bilan uyushtirilgan tadbirda Bosh vazir oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi Zulayho Mahkamova, Oʻzbekiston Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Hayitov, Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, Oʻzbekiston Anorchilar Assotsiatsiyasi raisi Mastura Sayfitdinova hamda Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov, shuningdek, anor yetishtiruvchi fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda qayd etilganidek, anor mevasi tarkibida inson organizmi uchun juda koʻp foydali mikroelemntlar mavjud. “Mevalar qiroli” deya nom olgan anor yetishtirish boʻyicha mamlakatimizning Quva, Varganza, Dashnobod hududlari singari Sherobod tumanida ham boy tajribalar oʻzlashtirilgan. Xususan, keyingi yillarda Sherobodda anor plantatsiyalarini yanada kengaytirish, moʻl hosil yetishtirish va uni xorijga eksport qilish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.
Davlatimiz rahbari 2021-yilning 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Sherobod tumanida boʻlib, anorchilik sohasini ilmiy asosda rivojlantirish pirovardida 2021-2022-yillarda Surxondaryoda 9 ming 432 gektar anorzorlar barpo etish, ushbu yoʻnalishda malakali kadrlarni tayyorlash, shuningdek, yangi mahalliy navlarni yaratish, eksport hajmini yanada oshirish yuzasidan vazifalarni belgilab berilgandi.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2016-yildan 2020-yilgacha mamlakatimizda anor yetishtirish hajmi 87 foizga oshgan. Birgina oʻtgan yilda 82,9 ming tonna anor yetishtirilib, shundan 19,4 ming tonnasi eksportga yoʻnaltirilgan.
Tadbir doirasida anor yetishtirish va uni qayta ishlash boʻyicha yaxshi natijalarga erishayotgan xoʻjaliklar va ishlab chiqarish korxonalari mahsulotlari koʻrgazmasi ham tashkil etildi. Shuningdek, “Oʻzbekistonda anor yetishtirish va uni qayta ishlash istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.
— Ilk bora oʻtkazilgan anor festivaliga respublikamiz viloyatlaridan anor yetishtiruvchi mirshikorlar, shuningdek, Turkiya, Ozarbayjon, Janubiy Koreya, Afgʻoniston va Toshkiston davlaridan investorlar, hamkorlar qatnashdi. Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan Sherobod tumanida anorchilikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzim 2020-yildan buyon bu yerda faoliyat olib borib, anorzorlarni kengaytrish, yangi, serhosil navlarni koʻpaytrishga erishayapmiz. Jumladan, hozir Surxondaryoda 8 ming gektar anorzorlarni barpo etdik. Anor yetishtrishni koʻpaytrish bilan birga uni qayta ishlash, jahon bozoriga olib chiqish boʻyicha amaliy harakatlar boshlangan. Bizning mahsulotlarga ayniqsa, Yevropa davlatlarida talab katta. Anor eksporti geografiyasi tobora kengayib bormoqda.
Mazkur festival tadbirlari mamlakatimizda anorchilikni rivojlantirish boʻyicha erishilgan natijalar namoyish etish, ilgʻor tajribalarni ommalashtirish imkonini berdi. Muhimi shundaki, bugun yurtimizda anorchilik alohida taʼlim yoʻnalishi sifatida chuqur oʻrganilmoqda. Yutuq va natijalar esa salmoqli, — deydi Oʻzbekiston Anorchilar Assotsiatsiyasi raisi Mastura Sayfitdinova.
Festival yakunida “Eng mazali anor sharbati – 2022”, “Eng mazali anor navi”, “Eng katta anor – 2022”, “Eng chiroyli anor tozalash” nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblar aniqlanib, ular diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring