Shelterlar faoliyati takomillashtiriladi
Avval xabar berganimizdek, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tomonidan Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish markazlari faoliyati oʻrganilmoqda.
Oʻrganishning navbatdagi manzili – Toshkent shahrining Sergeli, Olmazor va Uchtepa tumanlarida joylashgan shelterlar boʻldi.
Olingan natijalar ayrim xulosalar chiqarishga asos boʻladi. Afsuski, mazkur markazlar formatida ixtisoslashadigan psixolog va huquqshunoslarning yetishmasligi kuzatiladi. Markazlarning samarali faoliyat yuritishida kadrlar masalasi har doimgidan dolzarbdir. Afsuski, ayrim hollarda ushbu markazlarning xodimlari bazaviy psixologik va ijtimoiy ish olib borish koʻnikmalariga ega emaslar, bu esa ular tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatiga bevosita oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Joylarda markazlar tomonidan jabrlanuvchilarga yordam koʻrsatish uchun tibbiyot birlashmasi, ichki ishlar boshkarmasi, bandlikka koʻmaklashish markazlari bilan hamkorlikda faoliyat olib borish yetarli darajada yaxshi yoʻlga koʻyilmagan.
Eng achinarlisi, koʻpincha oiladagi zoʻravonlik yoki ogʻir hayotiy vaziyatdan aziyat chekkan shaxslar ularga yordam berish imkoni mavjud tashkilotlarning faoliyati toʻgʻrisida yetarlicha xabardor emaslar. Aniqlanishicha, hududlarda bugungi kunda zoʻravonlikka oid turli tillarda nashr etilgan tarqatma materiallar yetishmayapti. Zoʻravonlik holatlariga har bir oilaning shaxsiy ishi va aralashuv shart emasligi kabi turli qarashlar mavjudligi ham sohada muammolar tugʻdirmoqda. Tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil boʻlgan shaxslarning zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturlaridan oʻtishi tartibi belgilangan boʻlsa-da, amalda sust qoʻllanilyapti. Oila-turmush doirasidagi nizoli vaziyatlar yuzasidan tuzatish dasturlaridan oʻtkazish mahalla fuqarolar yigʻinlariga yuklatilgan. Lekin, mahallalarda maxsus psixologik yoki ijtimoiy ish koʻnikmalariga ega boʻlgan mutaxassislar mavjud emasligi bu boradagi ishlarni samarasiga oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda.
Shu sababli, ishchi guruhga tumanlarning 4 ta sektor rahbarlari, prokuratura, ichki ishlar, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish markazining viloyat va tumanlar mutasaddilari hamrohlik qilishdi.
Tashrif davomida tumanlarda tashkil etilgan Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish markazlarida bu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar, taklif va mulohazalar muhokama qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring