Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon telefon orqali tojik-qirgʻiz chegarasidagi vaziyatni muhokama qildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbarlari Tojikiston-Qirgʻiziston chegarasidagi vaziyatning rivojlanishini muhokama qildilar.
Oʻzbekiston Prezidenti yuzaga kelgan vaziyatni tez fursatda hal qilish va uning keskinlashuviga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha Tojikiston va Qirgʻiziston tomonlari erishgan kelishuvlarni qoʻllab-quvvatladi.
Mavjud barcha masalalar doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik munosabatlari ruhida, faqat muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal qilinish muhim ekani taʼkidlandi.
Tojikistonga boʻlajak oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlikning borishi ham koʻrib chiqildi. Mamlakatlarimiz bosh vazirlari oʻtgan hafta Xoʻjand shahrida oʻtkazgan amaliy uchrashuvning samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan keng koʻlamli hamkorlikning yangi “oʻsish nuqtalari”ni birgalikda aniqlash muhimligi alohida taʼkidlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring