Shavkat Mirziyoyev va Angela Merkel oʻrtasida videoanjuman shaklida uchrashuv oʻtkaziladi

16:52 10 Mart 2021 Siyosat
1051 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal kansleri Angela Merkel 12-mart kuni videoanjuman shaklida uchrashuv oʻtkazadilar.

Ikki mamlakat yetakchilari koʻp qirrali Oʻzbekiston-Germaniya sherikligini yana-da kengaytirishning dolzarb masalalarini koʻrib chiqishlari koʻzda tutilgan.

Oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, konstruktiv siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikka doir qoʻshma loyiha va dasturlarni ilgari surish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.

Muzokaralarda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashiladi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2019-yil yanvar oyida rasmiy tashrif bilan Germaniya Federativ Respublikasida boʻldi, oʻsha yilning may oyida esa Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer javob tashrifi bilan Oʻzbekistonga keldi.

Germaniya Oʻzbekistonning muhim iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik sheriklaridan biridir.

Oʻtgan yil yakunlariga koʻra oʻzaro tovar ayirboshlash 829 million dollarni tashkil etgan, mamlakatimizda Germaniyaning 700 million dollardan ziyod investitsiyalari oʻzlashtirilgan. Oʻzbekistonda 200 ga yaqin qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер