Shavkat Mirziyoyev tugʻilgan kuni munosabati bilan tabriklagan barchaga minnatdorlik bildirdi
Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni 67 yoshni qarshi olgandi. Prezident shu munosabat bilan tabriklagan barchaga minnatdorlik bildirdi.
“Tavallud kunim munosabati bilan chin dildan qutlab, oʻzlarining samimiy tabriklari va ezgu tilaklarini yoʻllagan xorijiy davlatlar, hukumat va parlamentlar rahbarlari, siyosat va jamoat arboblari, ishbilarmon doiralar vakillariga, xalqaro tashkilotlar yetakchilariga, yurtimizdagi mahallalar ahli va mehnat jamoalariga, barcha vatandoshlarimga chuqur minnatdorlik izhor etaman”, dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyevning taʼkidlashicha, ushbu tabrik va tilaklarni, eng avvalo, Oʻzbekiston xalqi va davlatiga yuksak hurmat va ehtirom, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga va Oʻzbekistonning yorugʻ kelajagiga boʻlgan ishonch ifodasi sifatida qabul qiladi.
“Fursatdan foydalanib, mehnatkash, bagʻrikeng va olijanob xalqimizga yana bir bor chin yurakdan oʻzimning cheksiz farzandlik mehrim va hurmatimni bildiraman.
Ishonchim komil, el-yurtimizning fidokorona mehnati, ulkan bunyodkorlik salohiyati va hamjihatligi bilan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha oʻz oldimizga qoʻygan buyuk maqsadlarga albatta yetamiz”, deya qoʻshimcha qilgan prezident.
Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni 67 yoshga toʻldi. Oʻzbekiston yetakchisiga xorijiy davlatlar, hukumatlar va parlamentlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlaridan qutlovlar kelgan. Maktublarda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekiston davlatchilikni mustahkamlash, xalq farovonligini yuksaltirish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish yoʻlida ulkan yutuqlarga erishayotgani taʼkidlangan.
Shuningdek, Prezidentga mustahkam sogʻlik, uzoq umr va muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va farovonlik tilaklari, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga qatʼiy intilish bildirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring