Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidenti bilan telefonlashdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan Navroʻz bayrami munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, mustahkam sogʻlik, farovonlik va muvaffaqiyatlar, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladilar.
Oliy darajada qabul qilingan bitim va kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Faol siyosiy muloqotni davom ettirish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini, jadal madaniy-gumanitar va hududlararo almashinuv dasturlarini qoʻllab-quvvatlash va ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Mart oyi oxirida Tojikistonda boʻlajak uch tomonlama uchrashuvga hamda joriy yil aprel-may oylarida mamlakatimizda oʻtadigan “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi sammitlarga tayyorgarlik koʻrish masalalari koʻrib chiqildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring