Shavkat Mirziyoyev ayrim tuman va shahar hokimlarini lavozimidan ozod etish boʻyicha topshiriq berdi
Yigʻilishda yil boshida reja qilingan xorijiy sarmoyalarni oʻzlashtirish vazifalarining ijrosi koʻrib chiqildi.
Bu yilgi investitsiya va hududiy dasturlar doirasida jami 20 milliard dollar xorijiy sarmoyalarni oʻzlashtirish boʻyicha katta marralar belgilangan edi.
Bu boradagi ijobiy tajriba sifatida oʻtgan olti oyda Andijon shahri, Buloqboshi, Romitan, Gʻallaorol, Forish, Karmana, Davlatobod, Chust, Kattaqoʻrgʻon, Sirdaryo tumanlarining har biri 50 million dollardan koʻp toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya olib kelingani qayd etildi.
Natijada ushbu tumanlarda jami 50 mingta yangi ish oʻrinlari, qoʻshimcha 1 trillion soʻm tushum paydo boʻldi.
Lekin Amudaryo, Qoʻrgʻontepa, Buxoro, Mirishkor, Chiroqchi, Xatirchi, Payariq, Oqoltin, Guliston, Oqqoʻrgʻon tumanlari, Navoiy va Yangiyoʻl shaharlarida bu koʻrsatkichlar pastligi, investitsiya muhiti qoniqarsizligi tanqid qilindi.
Prezident ushbu tuman va shahar hokimlarini lavozimidan ozod qilish boʻyicha topshiriq berdi.
Bosh prokuratura va Hisob palatasiga ushbu hokimlar faoliyatini oʻrganib, qonun ustuvorligini taʼminlash topshirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring