Shaxsiy manfaati uchun xizmat avtomobilidan foydalangan vazir lavozimini tark etdi
Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels Transport vaziri Jo Haylen davlat mablagʻlaridan olingan mashinani shaxsiy safari uchun foydalanganidan soʻng qattiq tanqidlarga uchradi va isteʼfoga chiqdi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Haylen vazirlar mashinasida dam olish kunlarida doʻstlari bilan “Hunter Valley”dagi vino zavodiga borish uchun 446 kilometr masofani bosib oʻtgan va shaxsiy haydovchi xizmatidan ham foydalangan. U, shuningdek, farzandlarini sport mashgʻulotlariga olib borish va boshqa shaxsiy safarlar uchun avtomobildan foydalanganini tan oldi.
“Men xato qildim va fuqarolar noroziligiga uchradim. Odamlar mukammal emas”, degan u.
Haylen oʻz xatosini tan olib, jamoatchilikdan uzr soʻradi va vino zavodiga qilgan safar xarajatlarini davlatga qaytarishini bildirdi. Transport vazirligi vaqtincha Jon Grahamga topshirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring