Shaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolariga
Foto: president.uz
Qadrli shaxmatchilar!
Aziz farzandlarim!
Avvalo, siz, azizlarni va sizlarning timsolingizda koʻpmillatli xalqimizni mamlakatimiz hayotida ulkan quvonchli voqea – Hindistonning Chennay shahrida oʻtkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida har tomonlama munosib ishtirok etib, Olimpiada chempioni degan yuksak sharafga sazovor boʻlganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, oʻzimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Sizlar dunyoning manaman degan shaxmat ustalari ishtirokida har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan, 188 ta jamoa ishtirok etgan ushbu eng nufuzli shaxmat musobaqasidagi ulkan gʻalabangiz bilan mamlakatimiz sporti tarixida yangi sahifani ochib berdingiz.
Butun xalqimiz dunyodagi ana shu musobaqalarda sizlarning har bir bahsingizni «oynai jahon» va Internet orqali katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordi.
Oʻz navbatida, intellektual salohiyati yuqori boʻlgan yosh shaxmatchilarimiz ham bunday yuksak ishonchni oqlab, xalqimizga yorqin gʻalabalarni tortiq etdilar.
Hech shubhasiz, sizlarning bu ulkan gʻalabangiz Vatanimiz mustaqilligining 31 yillik shonli bayramiga munosib sovgʻa boʻldi.
Ushbu musobaqada yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yaqubboyev, Javohir Sindorov, Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov kabi oʻgʻlonlarimizning isteʼdodiga butun dunyo yana bir bor tan berdi.
Ayniqsa, Jahongir Vohidovning soʻnggi oʻyindagi gʻalabasi terma jamoamizning tarixiy gʻalabasini taʼminladi.
Shuni alohida gʻurur bilan taʼkidlash kerakki, sportning shaxmat turida butun dunyoda nom chiqargan Hindiston, AQSH, Armaniston, Niderlandiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Germaniya kabi davlatlar vakillari ishtirok etgan ushbu olimpiadada terma jamoamiz aʼzolari har tomonlama munosib ishtirok etib, bironta oʻyinda ham magʻlubiyatga uchramadi.
Sizlar shu tariqa oʻzbek shaxmat maktabining shon-shuhratini yuksak bosqichga olib chiqdingiz. Sizlar kabi azmu shijoatli, vatanparvar yoshlar eng katta boyligimiz, millatimizning “oltin fondi”, desam, oʻylaymanki, butun xalqimizning fikrini ifoda etgan boʻlaman.
Mana shunday zukko va katta salohiyatli oʻgʻlonlarni tarbiyalab voyaga yetkazgani uchun ota-onalaringiz va ustozlaringizga chin yurakdan tashakkur izhor etaman.
Oʻzbekistonning shaxmatchi qizlari ham ushbu xalqaro musobaqada munosib ishtirok etib, oʻzlarining salohiyati baland ekanini yaqqol namoyish qildilar. Shu oʻrinda ularga ham chin qalbimdan tasanno aytaman.
Bugun gʻolib va sovrindor sportchilarimizni tayyorlashda chinakam fidoyilik koʻrsatgan terma jamoamizning tajribali murabbiylari Ivan Sokolov, Vladimir Yeginga ham oʻzimning chuqur minnatdorligimni bildiraman.
Sizlarning bugungi misli koʻrilmagan gʻalabangiz yurtimizda barkamol avlodni tarbiyalash, jismoniy tarbiya va sport, xususan, shaxmat sohasiga berilayotgan katta eʼtibor va gʻamxoʻrlikning yorqin amaliy natijasidir.
Ishonchim komilki, 2026-yilda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ham mamlakatimiz vakillari munosib ishtirok etib, yuqori marralarni zabt etadi.
Yuksak gʻalaba yana bir bor barchangizga muborak boʻlsin, aziz farzandlarim!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring