Shayx Abdulaziz Mansur: “Milodiy yangi yil kunini nishonlash hukmi haqida“

15:07 16 Dekabr 2019 Jamiyat
3330 0

Keyingi yillarda internet sahifalari, turli portal va va ijtimoiy tarmoqlarda milodiy yangi yil kunini bayramona kutib olish, ushbu munosabat bilan bir-birini tabriklab, ezgu tilaklar bildirish kabi odatlar islom dini taʼlimotiga zid va kufr degan iddaolarni tarqatish avj olib bormoqda. Shularni eʼtiborga olib, bu kabi nizoli masalaga baqadri imkon oydinlik kiritish va unga xolisona yondashib, oʻz fikrimizni bayon qilishga qaror qildik.

Aytish joizki, milodiy sananing hijriy sanadan olti asr oldinroq joriy qilingani, shuningdek, Iso ibn Maryam alayhissalom Allohning qudrati va moʻjizasi tufayli otasiz tugʻilgani, u chaqaloqligidayoq gapirib, oʻzini Allohning oʻgʻli emas, balki Uning bir bandasi ekanini, ilohiy kitob asosida Bani Isroil qavmiga nabiy sifatida yuborilgani va boshqa bashoratlarni gapirib berganini biz Qurʼoni karim oyatlari orqali bilamiz. Shuning uchun ham biz musulmonlar Iso alayhissalomning barcha paygʻambarlar qatori Allohning bandasi va paygʻambari sifatida eʼtirof etamiz va bunga imon keltiramiz.

Lekin Allohning bu imtihonidan hamma ham birdek muvaffaqiyatli oʻtolmayotir. Afsuski, odamlar ichida “Iso – Allohning oʻgʻli” deb eʼtiqod qiladiganlar ham koʻpchilikni tashkil etadi. Biz – musulmonlar bunday botil aqidaga qoʻshilmaymiz, albatta. Biz “Baqara” surasining 285-oyatida aytilganidek, birortasini ajratmasdan barcha paygʻambarlarga birdek imon keltiramiz. Iso alayhissalom ularning biri ekanini esa, har bir musulmon juda yaxshi biladi.

Milodiy yangi yil va uni nishonlash diniy shiorlar, yaʼni namoz, zakot, roʻza, haj, umra, ikki hayit va boshqa marosimlarning vaqtini belgilash hamda ularga amal qilishda hijriy taqvimdan foydalanishga toʻsqinlik qilmaydi. Bunga eʼtiroz bildiruvchilar “xristianlar yoki boshqa gʻayridinlar bayramlarining musulmonlar tomonidan nishonlanishi sharʼiy kitoblarda taqiqlangan-ku, musulmonlar ularga taqlid qilishdan qaytarilgan-ku, ular ham, musulmonlar ham yangi yilni nishonlasalar, ularga oʻxshagan boʻlib qolmaymizmi?”, degan xavotirlariga quyidagicha esa javob beramiz. Ahli sunna val jamoa ulamolarining fatvo kitoblarida musulmon oʻzini gʻayridinlarga din va eʼtiqodda oʻxshatishi harom ekani taʼkidlangan. Shuningdek, kiyimiga xoch yoki boshqa botil aqidalarning ramziy belgilarini osib yurish musulmonlarga nojoizdir. Ammo kiyiladigan, butun bashar umum suratda qabul qilingan oddiy libos, zeb-ziynat, uy-joy kabi eʼtiqodga daxl qilmaydigan narsalarda oʻxshashlik yuzaga kelgan taqdirda bunga ruxsat beriladi.

Xuddi shuningdek, agar milodiy yangi yil Xudoning oʻgʻli Iso tugʻilgan kun deb nishonlansa, bu islom aqidasiga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi. Biroq, “internet shayx”lari tomonidan bot-bot taʼkidlanadigan “milodiy yangi yilni nasroniylar Isoning tugʻilgan kuni sifatida nishonlaydi”, degan fikr ham ilmiy asosga ega emas.

Ammo musulmonlar tomonidan 1-yanvar kunini milodiy sananing yangilanishi sifatida, Iso alayhissalomning tavallud kuni yoki boshqa eʼtiqodlarga bogʻlamagan holda nishonlanishining sharʼan zarari yoʻq. Mana masalan, Oʻzbekiston musulmonlari ham 1-yanvar arafasida bir-birini tabriklab, ezgu tilaklarini izhor etadi. Bugungi dunyoda yashayotgan millionlab musulmonlarga ham bu odat boʻlib qolgan. Ana shunday bir sharoitda milodiy yangi yilni nishonlasa xristianlarga oʻxshab qoladi, deb shuncha musulmonni kofirga chiqarish mantiqqa toʻgʻri keladimi?! Bunday qatʼiy hukm chiqarishdan avval islom aqidasini yaxshiroq oʻrganish lozim. Musulmonlarni kofirga chiqarish uchun ularning haqiqiy eʼtiqodini aniqlab, keyin hukm chiqarish kerak.

Zero, hadisi sharifda taʼkidlanganidek, “Barcha amallar niyatga qarab baholanadi”. Odamlarni kufrda ayblayotgan kishilar shuni bilsinlarki, Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda janob Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam birovni kofirga chiqarish qanchalik xatarli ekanini taʼkidlab: “Kim oʻz birodarini kofir desa, qaraladi, agar oʻsha ikkinchi shaxs haqiqatan kofir boʻlsa, rost gapirgan boʻladi. Bordi-yu agar u kofir boʻlmasa, kofirlik ayblovchining oʻziga qaytadi”, deb aytganlar.

Maʼlumki, Oʻzbekiston maʼrifat va taraqqiyot yoʻlidan bormoqda. Binobarin, mamlakatimizda diniy bayramlar bilan bir qatorda dunyoviy mohiyatga ega bir qancha bayramlarni ham nishonlash odatga aylangan. Roʻza va Qurbon hayitlari munosabati bilan davlatimiz rahbarining tabriklari eʼlon qilinishi, hayit namozlari va bayramlarini namunali oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorlar qabul qilinayotgani, haj va umra ziyoratlarining tartibli tashkil etilayotgani, masjidlarimizning soni muntazam oshib borayotgani, diniy adabiyotlarning katta adadlarda nashr etilayotgani natijasida eʼtiqodli xalqimizning imon va ixlosi yanada mustahkamlanib borayotgani uchun Alloh taologa behisob hamdu sano va shukronalar qilishimiz lozim.

Jonajon diyorimizning ham moddiy, ham maʼnaviy jihatdan taraqqiy etayotganini havas qilish oʻrniga, tirnoq ostidan kir qidirayotgan hasadgoʻy kimsalarga Allohning oʻzi insof bersin. Yurtimizda davom etayotgan islohotlar, bunyodkorlik, obodonchilik va maʼnaviy barkamollik sari qilinayotgan saʼy-harakatlarga Alloh taoloning Oʻzi fayzu barakotlarini nozil qilsin!

Shayx ABDULAZIZ MANSUR

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер