Shaharsozlik normalari takomillashtiriladi

14:02 15 Noyabr 2018 Jamiyat
4634 0

Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.

Farmon bilan 2018 yil 1 dekabrdan boshlab:

barcha qurilish obyektlari loyihalarining smeta qismi majburiy tartibda ekspertizadan oʻtkaziladi (investitsiyalar hisobiga amalga oshiriladigan qurilishlar bundan mustasno);

qurilishi tugagan obyektlarni foydalanishga qabul qilish qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi, kadastr organlari, buyurtmachi, pudratchi vakillari ishtirokida amalga oshiriladi;

shuningdek, “fast-track” usuli (bir vaqtning oʻzida loyihalashtirish, xarid qilish va qurish) bilan “tayyor holda topshirish” shartlari asosida loyihalar amalga oshiriladi.

2019 yil 1 yanvardan boshlab:

loyihalash va qurilish faoliyatini amalga oshirish uchun Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotiga aʼzo davlatlar tomonidan berilgan sertifikatlar va boshqa hujjatlar tan olinadi; Maʼlumot uchun: Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti – 1961 yilda iqtisodiy taraqqiyot va jahon savdosini rivojlantirish uchun tashkil etilgan hukumatlararo iqtisodiy tashkilotdir. Tashkilotga bugungi kunda 36 ta davlat aʼzo.

qurilish uchun yer uchastkalarini vaqtida ajratmaslik yoki notoʻgʻri ajratish natijasida yuzaga kelgan xarajatlar mahalliy byudjetlar mablagʻi hisobidan qoplanadi;

milliy qurilish normalari va qoidalari xorijiy normativ-texnik hujjatlarga tanlov asosida moslashtiriladi.

2019 yil 1 martdan boshlab:

malakaga ega boʻlishi majburiy boʻlgan mutaxassislarni sertifikatlash Oʻzbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasi tomonidan amalga oshiriladi;

loyihalashni amalga oshirishga shtatida sertifikatga ega va doimiy ishlaydigan kamida ikkita muhandis mavjud boʻlgan yoki Oʻzbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasi aʼzosi boʻlgan yuridik shaxslarga ruxsat etiladi.

2020 yil 1 yanvardan uy-joy qurilish obyektlari energiya-samarador va energiya-tejamkor uskunalar bilan majburiy jihozlanishi lozim, BREEAM (binolar samaradorligini ekologik baholash usuli) va LEED (energiya-samarador va ekologik loyihalashtirish boʻyicha qoʻllanma) standartlari boʻyicha sertifikatlarga ega obyektlar bundan mustasno.

Bundan tashqari, qurilish sohasini texnik tartibga solishning normativ bazasi quyidagi bosqichlarda isloh qilinadi:

tayyorgarlik davri (2019-2021 yillar) – geologik, tabiiy-iqlim, seysmologik xususiyatlarni inobatga olgan holda milliy qurilish normalari qayta koʻrib chiqiladi va xorijiy normativ-texnik hujjatlarga moslashtiriladi;

oʻtish davri (2022-2026 yillar) – moslashtirilgan norma va qoidalar amaliyotda qoʻllaniladi, qurilish sohasiga innovatsiyalar joriy etiladi;

yakuniy davr (2027-2028 yillar) – qurilish sohasining yagona normativ bazasi yaratiladi.

2019 yil 1 martga qadar quyidagilar boʻyicha taklif kiritiladi:

xorijiy kompaniyalarni jalb etgan holda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan va mamlakat hududiga ilk bor olib kiriladigan qurilish asbob-uskunalari, texnikasi, materiallari va buyumlarini sertifikatlaydigan sinov laboratoriyalarini tashkil etish.

davlat organlarida idoraviy obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish, kapital va joriy taʼmirlash boʻyicha buyurtmachi funksiyalarini bajaruvchi tarkibiy boʻlinmalar tashkil etish;

hisoblangan qiymati tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga nisbatan oshib ketgan qurilish obyektlarini moliyalashtirish tartibini aniqlash;

mamlakatning har bir hududida yirik ixtisoslashtirilgan qurilish-pudrat tashkilotlarining faoliyatini tashkil etish.

Bundan tashqari, Farmon bilan Qurilish normalari va qoidalari Adliya vazirligidan majburiy tartibda roʻyxatdan oʻtishi lozimligi belgilandi. Qurilish vazirligiga 2019 yil 1 mayga qadar Shaharsozlik kodeksining yangi tahririni ishlab chiqish vazifasi yuklandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер