Shaharda 20 mingdan ortiq muammo aniqlandi

13:58 19 Yanvar 2019 Jamiyat
1681 0

Respublika ishchi guruhi tashabbusi bilan Toshkent viloyati Chirchiq shahri “Suvoqova“ korxonasi tomonidan hududdagi 25 ta mahalla fuqarolar yigʻinida yuzaga kelgan barcha nosozliklar bartaraf etildi.

Shahar “Issiqlik taʼminoti“ korxonasi tomonidan Iftixor mahallasidagi koʻp qavatli 16-uyning issiqlik tizimi taʼmirlanib, 7-umumtaʼlim maktabining issiqlik quvuri tiklandi. Adolat mahallasi hududidagi yer osti quvurlari taʼmirlanib, aholi xonadonlari va qator ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik tizimi bilan bogʻliq muammolari bartaraf etildi.

Mutasaddi tashkilotlar jalb etilgan holda “Iqbol” mahallasidan oqib oʻtuvchi Zax va Boʻzsuv kanallari muhofaza hududidagi 50 ga yaqin noqonuniy qurilmalar buzilib, kanallar yon-atroflari obodonlashtirildi. Bu haqda xalq deputatlari Chirchiq shahar Kengashining sessiyasida maʼlum qilindi, deb yozadi O'zA.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, xalq deputatlari viloyat va shahar Kengashlari deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari va shahar sektor rahbarlari, faollar ishtirok etgan sessiyada Respublika ishchi guruhi tomonidan shaharning real ijtimoiy-iqtisodiy holati, aholini qiynab kelayotgan muammolar boʻyicha olib borilgan oʻrganish natijalari muhokama qilindi.

Respublika ishchi guruhi shaharning real ijtimoiy-iqtisodiy holati bilan yaqindan tanishish, mavjud muammolarni bartaraf etishga koʻmaklashish maqsadida har bir mahalla, xonadonda boʻlib, aholi bilan ochiq muloqotlar oʻtkazdi. Oʻrganishlar natijasida 20 mingdan ortiq muammo aniqlanib, ularning maʼlum qismi ishchi guruhi saʼy-harakati bilan joyida bartaraf etildi.

Ammo shaharda yechimini kutayotgan muammolar ham talaygina. Xususan, uzunligi qariyb 256 kilometrdan iborat shahar ichimlik suv tarmogʻining 54 foiz qismi yaroqsiz holatda. Bu, oʻz navbatida, koʻplab avariyalarni yuzaga keltirishi va oqibatda ichimlik suvi isrof boʻlishi ehtimoli yuqori. 11 ta transformator punktini almashtirish, 11 kilometrdan ortiq elektr kabel tarmoqlarini mukammal taʼmirlash talab etiladi. Shuningdek, 80 ga yaqin yogʻoch tayanch ustunlari yaroqsiz holatda boʻlib, xavfsizlik talablariga umuman javob bermaydi.

Sessiyada kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar talab darajasida emasligi tanqid qilindi. Jumladan, 86 ta uyning tom, 24 tasining yertoʻlasini taʼmirlash boʻyicha belgilangan vazifalar nihoyasiga yetkazilmagan. Qozonxonalar va issiqlik tarmogʻidagi nosozliklardan aholi aziyat chekmoqda.

Shuningdek, ijtimoiy soha, xususan, umumtaʼlim va maktabgacha taʼlim tizimi faoliyatiga tanqidiy baho berildi. Jumladan, 7- va 29-maktabgacha taʼlim muassasalarini qayta qurish, 4 ta maktab binolarini mukammal taʼmirlash zarurati mavjud.

Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yoʻldoshev ishtirok etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер