Shaffoflik sari muhim va dadil qadam

17:12 21 Iyun 2021 Siyosat
2073 0

Mamlakat hayotida yuz berayotgan oʻzgarishlarni odamlar oʻz vaqtida bilishi, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati esa ochiqlik, shaffoflik asosida jamoatchilik nazoratida boʻlishi jamiyat taraqqiyoti uchun oʻta muhim. Bu – demokratiya mezoni hisoblanadi va birinchi navbatda, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligiga, tashabbuskorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

“Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni bilan bu borada zalvorli oʻzgarishlarning huquqiy poydevori qoʻyildi.

Tan olish kerak, mamlakatimizda ochiq eʼlon qilib boriladigan maʼlumotlarning aniq roʻyxati va yangilab borish davriyligi belgilanmagan edi. Shu bois, davlat organlarining faoliyati jamoatchilik uchun tom maʼnoda ochiq va shaffof, deb ayta olmaymiz. Bu oʻz oʻrnida yurtimizning xalqaro reytinglarda past pogʻonalarni egallashiga sabab boʻlayotganini taʼkidlash joiz. Masalan, Oʻzbekiston ochiqlikni baholovchi “Korrupsiyani qabul qilish indeksi”da (Germaniya) 180 ta mamlakatdan 146-oʻrinni, “Demokratiya indeksi”da (Angliya) 167 ta mamlakatdan 155-oʻrin, “Boshqaruv transformatsiya indeksi”da (Germaniya) 128 ta mamlakatdan 108, “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da (AQSH) 178 ta mamlakatdan 108-oʻrinni egallagan.

Endi farmon bilan barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari tomonidan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan 33 ta banddan iborat ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxati tasdiqlandi. Tan olish kerak, mamlakatimizda davlat hokimiyati ochiqligi siyosati amal qila boshlagan sari yashirin iqtisodiyot bir muncha qisqarib, iqtisodiy barqarorlik taʼminlana boshladi.

Ochiqlik va oshkoralik yoʻlidagi qatʼiy qadamlar poraxoʻrlik, tanish-bilishchilik, tamagirlik kabi illatlarning payini qirqadi. Endilikda jamiyatda ochiqlikni taʼminlashda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni ham davrning oʻzi taqozo etmoqda. Farmonda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, axborot olish erkinligini taʼminlash orqali jamoatchilik nazoratini takomillashtirish masalalariga katta eʼtibor qaratilgan.

Farmonda belgilanganidek, endilikda barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, Hisob palatasi, Markaziy bank, sud va prokuratura organlari hamda ularning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari oʻz faoliyatiga oid hisobotlarni rasmiy veb-saytlariga joylashtiradi va uni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish joyi va vaqti haqida xabar beradi.

Hisobot va maʼlumotlar veb-saytlar orqali keng jamoatchilik eʼtiboriga havola qilinishidan koʻzlangan asosiy maqsad aholining davlat tashkilotlari va korxonalari haqidagi tasavvurini boyitish, ish faoliyati natijalari haqida yetarli tushunchaga ega boʻlishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ochiqlikning yana bir muhim jihati shundan iboratki, yurtimiz iqtisodiy yuksalishi, taraqqiyotini tahlil qilish va boshqa xorijiy davlatlar bilan qiyoslash imkoniyati paydo boʻladi. Bu esa turli ijtimoiy tarmoqlardagi fisqu fasodlarga, asossiz taʼna dashnomlarning kamayishiga, eng muhimi, ayrim amaldorlarning davlat mablagʻini oʻmarishiga kuchli chora boʻladi.

Shu sababli Farmonda 2021-yil 1-iyuldan boshlab mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar, shu jumladan, individual imtiyozlar berilgan subyektlarning benefitsiarlari ular tomonidan toʻlangan soliqlar va moliyaviy koʻrsatkichlar haqidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portaliga va oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, ularni har chorakda yangilab borish belgilandi.

Muxtasar aytganda, ushbu hujjat davlat boshqaruvini amalga oshirishda aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻyish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari samarali hamkorligini taʼminlashga korrupsiyani qisqartirishga xizmat qiladi. Korrupsiyaning bartaraf etilishi esa davlatning, jamiyatning va xalqimizning erkin hamda farovon hayot qurishida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Ochiqlik oʻz navbatida Oʻzbekistonning imijiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatib, uning xalqaro reytinglardagi nufuzini yaxshilashga olib keladi. Bu Farmon Oʻzbekiston XDPning dasturiy maqsadlarida belgilanganidek, ijtimoiy barqarorlik, fuqarolik jamiyatini yana-da mustahkamlashning asosiy omili hamda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ishiga xizmat qiladi.

Ulugʻbek Inoyatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
OʻzXDP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер