Senatorlar Saylov kodeksini maʼqulladi

11:45 28 Fevral 2019 Jamiyat
1811 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Xalq soʻzi online. Munisxon Karimova. Toshkentda Oliy Majlis Senatining oʻn sakkizinchi yalpi majlisi kun tartibidan joy olgan. Ayni paytda ularni koʻrib chiqish jarayoni boshlandi.

Birinchi boʻlib Senatorlar ishni “Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qilishdan boshladilar.

Saylov kodeksi 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan. Hujjatda fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlarini taʼminlash, Prezident, Oliy Majlis, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish, shuningdek Markaziy saylov komissiyasi faoliyati bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soluvchi saylov toʻgʻrisidagi amaldagi qonun hujjatlari normalarini birxillashtirish nazarda tutiladi.

Mazkur hujjatni ishlab chiqish jarayonida saylovga doir qonun hujjatlarini xatlovdan oʻtkazish hamda saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish milliy amaliyotini umumlashtirish yuzasidan muayayn ishlar olib borildi. Shuningdek 20 dan ortiq mamlakatning, shu jumladan Fransiya, Gollandiya, Kanada, Italiya, Shvetsiya, Belgiya, Polsha, Albaniya, Belorussiya, Ozarbayjonning tajribasi, shuningdek xalqaro saylov standartlari, shu jumladan YEXHTning DIIHB tavsiyalari, Venetsiya komissiyasi takliflari oʻrganildi.

Soʻzga chiqqan senatorlar qayd etganidek, Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi qabul qilinishi saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini birxillashtirishga koʻmaklashibgina qolmay, balki saylovga doir qonun hujjatlarini va saylov amaliyotini takomillashtirishga xizmat qiladi. Masalan, Saylov kodeksida mustahkamlab qoʻyilgan normalarga koʻra Ekologik harakat vakillari uchun Qonunchilik palatasida deputatlar oʻrinlarini kvotalash instituti chiqarib tashlanadi, bunda Qonunchilik palatasidagi deputatlar oʻrinlarining umumiy soni (150 ta oʻrin) saqlab qolinadi.

Shuningdek Saylov kodeksida katta ijtimoiy xavfi boʻlmagan jinoyatlar va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylovda ishtirok etishi boʻyicha cheklovlar olib tashlanmoqda.

Bundan tashqari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga nomzodlar koʻrsatish tartibi bekor qilinmoqda. Shu tariqa siyosiy partiyalar xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga nomzodlar koʻrsatishda mutlaq huquqqa ega boʻladi.

Oliy Majlis Senati aʼzolarini saylash tartibi qonunchilik yoʻli bilan belgilab qoʻyilmoqda. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron roʻyxati amal qilishi tartibi qonunchilik darajasida tartibga solinmoqda, bu saylovchini “bitta saylovchi – bitta ovoz” prinsipi boʻyicha faqat bitta saylovchilar roʻyxatiga kiritish tartibi tatbiq etilishini taʼminlaydi.

Ham muddatidan oldin ovoz berish, ham saylov kuni ovoz berish uchun yagona hujjat – saylov byulleteni joriy etish orqali “saylov varaqasi” tushunchasi qonun hujjatlaridan chiqarib tashlanmoqda. Saylovchilarga oʻzi yoqlab ovoz beradigan nomzodning familiyasi roʻparasida, oʻng tomonda joylashgan boʻsh kvadratga belgilardan birini (+, , X) qoʻyish imkoniyati berilmoqda.

Saylov kodeksida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, tashkilotlar tomonidan uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar boʻyicha takliflar kiritish tartibi belgilanmoqda. Nomzodlar tuman, shahar Kengashlari majlislarida muhokama etiladi va okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.

Taʼkidlanganidek, Saylov kodeksida saylov komissiyasi aʼzolariga qoʻyiladigan talablar mustahkamlanmoqda. Jumladan, yigirma bir yoshga toʻlgan, oʻrta yoki oliy maʼlumotga, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega boʻlgan, aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan fuqarolar saylov komissiyalarining aʼzolari boʻlishi mumkinligi belgilab qoʻyilmoqda. Bunda saylov komissiyasi aʼzolari boshqa saylov komissiyasi, siyosiy partiyalar aʼzolari boʻlishi mumkin emas. Hokimlar, prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari, nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari, nomzodlarga bevosita boʻysunadigan shaxslar saylov komissiyalari tarkibida boʻlishi mumkin emas.

Saylov kodeksining qabul qilinishi umumiy qoidalarni yagona hujjatda birlashtirish va saylov jarayonining tartib-taomillariga oid masalalariga, shu jumladan uchastka saylov komissiyalari ishlariga aniqlik kiritish, saylov kampaniyasining oshkoraligi va ochiqligi prinsiplarini mustahkamlash imkonini beradi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер