Senatorlar Qonunni rad etishdi
Yalpi majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga tomorqa yer uchastkalaridan oqilona foydalanilishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Qonuni muhokama qilindi.
Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks yerga egalik qiluvchining taklifiga asosan belgilangan qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish haqida rasman ogohlantirilganligiga qaramay tomorqa yer uchastkasidan asossiz ravishda oqilona foydalanmaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 651-modda bilan toʻldirilmoqda.
Biroq ushbu norma amaliyotda turlicha talqin qilinishiga olib kelishi mumkin. Jumladan, undagi tomorqa yer uchastkasidan “asossiz ravishda” yoki “oqilona” foydalanmaslik yohud “samarasiz” foydalanish kabi tushunchalar qonun hujjatlarida ochib berilmagan. Bu esa tegishli idoralar tomonidan javobgarlikka tortishda korrupsiya va boshqa suiisteʼmolliklarga zamin yaratadi.
Hozirgi kunda davlatimiz rahbarining koʻrsatmasiga asosan “Shaxsiy tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Unda yuqoridagi kabi qonun hujjatlarimizda mavhum boʻlgan tushunchalarni ochib berish, shaxsiy tomorqadan samarali foydalanish va aholi daromadini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilayotgan qoʻshimcha tez kunlarda oʻzining dolzarbligi va ahamiyatini ham yoʻqotadi.
Shu jihatdan Qonunni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring