“Senatorlar maktabi” tashkil etildi
Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida oʻz nutqida parlament yuqori palatasi faoliyati va senatorlar maktabini shakllantirish borasida oʻz fikr-mulohazalarini bildirgan edi.
2020-yilning 4-fevral kuni Oliy Majlisning yuqori palatasida “Senatorlar maktabi” oʻz ishini boshladi.
Senat Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev senatorlarga birinchi oʻquv mashgʻuloti doirasida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlamentning rolini kuchaytirishga qaratilgan islohotlarning mazmun-mohiyati, parlament faoliyatining huquqiy asoslari va asosiy yoʻnalishlari haqida maʼruza qildi.
Shuningdek, tizimli ravishda faoliyat koʻrsatadigan “Senatorlar maktabi” doirasida 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi mohiyati va uni amalga oshirishda parlament oʻrni, mahalliy Kengashlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, ularning faoliyatiga amaliy va uslubiy koʻmaklashish, Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlari, unda parlamentning roli va parlamentlararo munosabatlar, Senatning Davlat byudjetini shakllantirish va qabul qilish, ijrosini nazorat qilishdagi oʻrni, yangi soliq konsepsiyasining asosiy jihatlari, uning mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlanishidagi ahamiyati hamda qonun ijodkorligi – qonun loyihasini ishlab chiqish va qonunlarni koʻrib chiqishda Senatning ishtiroki masalalari boʻyicha senatorlar uchun oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazish nazarda tutilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring