Senatorlar aholini sifatli isteʼmol tovarlari bilan taʼminlashga qaratilgan qonunlarni maʼqulladi
Foto: Xasan Paydoyev / «Xalq so‘zi»
Senatning qirq oltinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va iqtisodiyotda sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va aholi salomatligini saqlash boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga “Insonning shaʼni va qadr-qimmati uchun” tamoyili asosida aholi salomatligini taʼminlash maqsadida kontrafakt va sifatsiz tovarlarni ishlab chiqarish hamda ularning muomalaga kiritilishiga barham berish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga isteʼmolchilarning hayoti yoki sogʻligʻi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab ishlab chiqarganlik, saqlaganlik, tashiganlik, oʻtkazganlik, ishlar bajarganlik yoki xizmatlar koʻrsatganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga, etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilashga taalluqli oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Shu bilan birga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi sanitariya toʻgʻrisidagi qonunchilikni va veterinariya qoidalarini buzganlik, oʻzganing tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishiga, shuningdek hayvonlarning yuqumli kasalliklari oʻchoqlari aniqlanganda karantin qoidalarini, veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalarning xavfsizligi normalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanishiga qaratilgan oʻzgartirishlar bilan toʻldirildi.

Bundan tashqari, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunga ham bir qator oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, shaxsning muayyan faoliyat turi bilan shugʻullanishi uchun sudning taqiqi mavjud boʻlganda litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat berishni rad etish uchun asoslar kengaytirilmoqda.
Litsenziyani va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni bekor qilish yoki xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatni (harakatlarni) sud tomonidan tugatish uchun asos boʻladigan bir martalik qoʻpol qoidabuzarlik aniqlashtirilmoqda.

Qolaversa, vakolatli organlarga litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish talablari hamda shartlariga rioya etilishiga oid tekshiruvlarni Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni xabardor qilgan holda, qonunchilikda belgilangan tartibda oʻtkazish huquqi berilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, intellektual mulkka boʻlgan huquqlarni himoya qilish maqsadida Fuqarolik kodeksiga geografik koʻrsatkichlar ham intellektual mulk obyektlari hisoblanishi toʻgʻrisidagi norma qoʻshilmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi fuqarolar sogʻligini saqlashga, ishlab chiqaruvchilarning manfaatlarini, isteʼmolchilarning huquqlarini hamda intellektual mulkni ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.





Foto: Xasan Paydoyev / «Xalq so‘zi»
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring