Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi

18:15 02 Oktyabr 2023 Siyosat
205 0

Foto: Akmal Muhammadov, “Xalq soʻzi”

Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi, unda soliq va budjet qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga qaratilgan qonun hamda Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini oʻrganish natijalari koʻrib chiqildi.

Dastavval, “Soliq va budjet qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Budjet, Soliq kodekslari, shuningdek “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi hamda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini va budjetnomani Vazirlar Mahkamasi tomonidan parlament palatalariga kiritish muddati aniq belgilanmoqda.

Budjet jarayonining ochiqligini taʻminlash maqsadida tumanlar va shaharlar hokimliklari jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish boʻyicha maʻlumotlarni oʻz rasmiy veb-saytlari, shuningdek, “Ochiq budjet” axborot portaliga joylashtirib borishi Budjet kodeksida aks ettirilmoqda.

Shuningdek, Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasiga begʻaraz yordam doirasida kelgan tibbiy asbob-uskunalardan pullik xizmatlar koʻrsatish uchun foydalanish imkoni yaratilmoqda.

Bundan tashqari, budjet tashkilotlariga ijaraga berilgan yer uchastkalaridan soliq undirish va toʻlash tartibini, foydalanilmayotgan binolar, ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalariga nisbatan tegishli soliqlarning oshirilgan stavkalarini qoʻllash tartibi bekor qilinmoqda.

Soʻngra majlisda Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini oʻrganish natijalariga ham batafsil toʻxtalib oʻtildi.

Xususan, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi doirasida qator natijalarga erishilganligi hamda bu borada kelgusida amalga oshirilishi zarur boʻlgan qator masalalar mavjudligi aniqlangan.

Jumladan, 2023-yilning yanvar-sentabr oylarida yalpi hududiy mahsulot hajmi Buxoro viloyatida 37,1 trln soʻmni, Qashqadaryo viloyatida 41,6 trln soʻmni tashkil qilgan.

Shuningdek, investitsiya dasturlari doirasida Buxoro viloyatida 463 ta loyiha ishga tushirilib, 351,3 mln dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilgan boʻlsa, Qashqadaryo viloyatida 795 ta loyiha ishga tushirilgan hamda 245,5 mln dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilgan.

Iqtisodiy faollikning oshishi natijasida yangi kichik tadbirkorlik subyektlari soni Buxoro viloyatida qariyb 4,5 mingga yetib, faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari soni 27,5 mingdan oshgan. Qashqadaryo viloyatida esa qariyb 5 mingga yaqin yangi kichik tadbirkorlik subyektlari tashkil etilishi hisobiga faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari soni 29 mingdan oshgan.

2023-yilgi ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish dasturi doirasida Buxoro viloyatida 63 ta obyektda 7,0 trln soʻmdan ziyod qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan, shundan 35 ta obyekt foydalanishga topshirilgan. Qashqadaryo viloyatida mazkur dastur doirasida 166 ta obyektda 1,0 trln soʻmdan ziyod qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan va shundan 98 tasi foydalanishga topshirilgan.

Shuningdek, oʻz vaqtida tegishli choralar koʻrilmaganligi tufayli amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, ikkala hududda ham ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini taʻminlashda muammo va kamchiliklar mavjudligi taʻkidlandi hamda ularni oldini olish boʻyicha amalga oshiriladigan tadbirlar kelishib olindi.

Majlisda hududlarda bandlik dasturi ijrosini taʻminlashda ham qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilib kelinayotganligi qayd etilib, masʻul rahbarlarning axborotlari eshitildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarolari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер