Senatda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi tashkil etildi. Unga Boriy Alixonov rais etib saylandi

10:44 21 Oktyabr 2020 Siyosat
2212 0

Parlament yuqori palatasining sakkizinchi yalpi majlisi kun tartibidan oʻrin olgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalariga oid faoliyatini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.

Maʼlumki, Orol dengizining qurishi bilan bogʻliq ekologik halokat oqibatlari nafaqat Oʻzbekiston yoki Markaziy Osiyo mintaqasi, balki allaqachon, global miqyosdagi muammoga aylanib ulgurgan. Orol masalasiga boʻlgan yondashuv aniq natijalarga erishish nuqtayi nazaridan tubdan oʻzgardi. Qolaversa, davlatimiz rahbari ikki marotaba BMT bosh minbaridan turib dunyo hamjamiyati eʼtiborini mazkur masalaga qaratdi.

Orolboʻyi mintaqasi aholisining turmush sharoitlari va sifatini yaxshilashga yoʻnaltirilgan 2017–2021-yillarda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi tasdiqlandi. BMTning Orolboʻyi hududi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik Trast fondi tuzildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi tashkil etildi. Hududda 2 mln. gektar yashil maydon barpo etish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari yaqinda Joʻqorgʻi Kenges sessiyasida Qoraqalpogʻiston Respublikasini kelgusi uch yilda rivojlantirishning 10 ta ustuvor yoʻnalishini belgilab berdi.

Taʼkidlash lozimki, Orol muammosining salbiy taʼsirini yumshatish mazkur ustuvor yoʻnalishlarning biri etib belgilandi.

Shuningdek, Prezidentimiz Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalariga oid qator tashabbuslarni ilgari surdi. Vazirlik va idoralar zimmasiga hududni rivojlantirishga doir aniq vazifalar yuklandi. Bu borada parlament nazoratini kuchaytirish masalasiga ham alohida urgʻu berildi.

Yaʼni Orolboʻyi hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalar (dasturlar) ijrosini joyiga chiqqan holda oʻrganish, mutasaddi vazirlik va idoralarning hisobotlarini bevosita hududning oʻzida eshitish amaliyotini yoʻlga qoʻyish lozimligi taʼkidlandi.

Majlisda senatorlar mazkur tashabbuslarga hamohang ravishda hamda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirishda parlament ishtiroki va nazoratini kuchaytirish maqsadida Senatda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasini tashkil etish, ushbu Qoʻmitaning Nizomini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Shundan soʻng, ushbu qoʻmita raisligiga Boriy Alixonov nomzodi qoʻyilda va senatorlar bir ovozdan uning nomzodini maʼqullashdi.

Shunday qilib B.Alixonov Senatda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi raisi etib saylandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер