Senatda Garvard talabalari bilan muloqot: yoshlar, innovatsiya va xalqaro hamkorlik – diqqat markazida
Joriy yilning 16-mart kuni Oliy Majlis Senatida jahonning nufuzli taʼlim muassasalaridan biri – AQSHning Garvard universiteti qoshida faoliyat yurituvchi Markaziy Osiyo va turkiy mamlakatlar kokusiga aʼzo talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Unda Senat Raisi Tanzila Narbayeva hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ishtirok etdi.
Talabalar bilan boʻlgan muloqot davomida Oʻzbekistonda iqtisodiyot, taʼlim tizimi va davlat boshqaruvi sohalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli yangilanishlar, yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar hamda qonunchilikdagi dolzarb oʻzgarishlar yuzasidan fikr almashildi. Ayniqsa, mamlakatimizda aholining ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish, manzilli yordam tizimini takomillashtirish hamda zamonaviy va samarali ijtimoiy himoya mexanizmlarini tatbiq etish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, Garvard universiteti qoshidagi mazkur Kokus bugungi kunda mintaqa davlatlari, jumladan Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan muhim yoshlar platformasiga aylanib bormoqda. U turli mamlakatlardan kelgan yoshlarni birlashtirib, oʻzaro muloqot va anglashuvni rivojlantirish orqali tinch va barqaror jamiyat barpo etishga hissa qoʻshmoqda.
Talabalar Oʻzbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosatiga katta qiziqish bildirib, bu yoʻnalishdagi amaliy tajriba bilan yaqindan tanishish istagini bildirdi.
Uchrashuv chogʻida Tanzila Narbayeva mamlakatda yoshlar siyosatiga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlab, ularning tashabbus va gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy bilim hamda koʻnikmalarga ega boʻlishi uchun zarur sharoitlar yaratish davlat siyosatida ustuvor yoʻnalishlardan biri ekanini qayd etdi. Shu bilan birga, yoshlarning global ilmiy hamjamiyatga integratsiyalashuvini taʼminlash, innovatsion gʻoyalarni ragʻbatlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish muhim vazifalar sifatida belgilangani aytib oʻtildi.
Oʻz navbatida Shahnoza Mirziyoyeva kelajak istiqbollarini yoshlar ishtirokisiz muhokama qilib boʻlmasligini taʼkidladi. Bugungi kunda dunyo shiddat bilan oʻzgarmoqda, hozir qabul qilinayotgan qarorlar esa bevosita kelgusi avlod hayotini belgilab beradi. Shu bois, yoshlarning fikrlari, tashabbuslari va, ayniqsa, ularni oʻylantirayotgan masalalarga quloq tutish gʻoyat muhimdir. Bu yosh avlod kelajakni qanday tasavvur qilishi hamda ushbu jarayonda mamlakatimiz qanday oʻrin egallashi mumkinligini anglash uchun qulay imkoniyatdir.
Tadbir davomida tajriba almashish, yangi tashabbuslarni muhokama qilish hamda kelgusida qoʻshma taʼlim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring