Senat Raisi: Yoshlarni munosib mehnat, munosib ish haqi va xavfsiz mehnat sharoitlari bilan taʼminlashimiz zarur

01:35 18 May 2023 Siyosat
920 0

Samarqanddagi Xalqaro turizm markazida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32 yillik anjumani boʻlib oʻtmoqda. 73 ta aʼzo davlatdan 1500 dan ortiq ishtirokchi qatnashayotgan ushbu nufuzli tadbirda 2022-yildagi hamkorlik natijalari koʻrib chiqilib, mintaqalarga taʼsir koʻrsatayotgan mavjud muammolarni hal etish boʻyicha birgalikda koʻrilayotgan choralar tahlil qilindi.

Anjuman doirasida turli mavzularda ekspertlar ishtirokida panel sessiyalari oʻtkazildi. Xususan, “Yangi koʻnikmalar yoʻli – Markaziy Osiyoda inson kapitalini shakllantirish” mavzusidagi panel muhokamasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva ham ishtirok etdi.

Muhokamalar davomida mamlakatlar aholisining oʻsib borayotgan, yosh va boshqa qatlamlari salohiyatidan qay tarzda samarali foydalanish hamda mazkur salohiyatni qanday qilib barqaror oʻsish katalizatoriga aylantirish mumkinligi yuzasidan fikr almashildi.

Xususan, professional taʼlimni yangi yondashuvlar asosida tashkil etish, aholini, ayniqsa, yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻrgatish, bunda xususiy sektor ulushini oshirish, bu doiradagi barcha jarayonlarning qonuniy asoslarini takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Senat Raisi muhokamalar jarayonida quyidagi fikrlarni bildirib oʻtdi. “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Oʻzbekistonda 10 dan ortiq loyihalar doirasida yoshlarimizning salohiyatini oshirishga, yaʼni inson kapitalini rivojlantirishga katta koʻmak bermoqda. Mamlakatimiz demografik jihatdan tez oʻsib bormoqda. Har yili 600 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Ularning barchasini oʻqitishimiz va kasbga tayyorlashimiz, shu bilan birga munosib mehnat, munosib ish haqi va xavfsiz mehnat sharoitlari bilan taʼminlashimiz zarur. Albatta, bu yoʻnalishda va biz uchun strategik ahamiyatli boʻlgan boshqa masalalarda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan izchil va samarali hamkorlik qilishimiz nihoyatda muhim”.

YTTB Boshqaruvchilar kengashining yillik anjumani doirasida, shuningdek, xalqaro savdo, energetika xavfsizligi, qayta tiklanadigan energiya manbalari, kichik va oʻrta biznesning iqtisodiyot uchun ahamiyati, rivojlanayotgan bozorlarda raqamlashtirish kabi yoʻnalishlarda xalqaro mutaxassis va ekspertlar ishtirokida muhokamalar tashkil etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер