Senat Raisi Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi bilan uchrashdi
Doʻstlik, oʻzaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan Oʻzbekiston-Xitoy hamkorligi yildan-yilga yana-da rivojlanib, yangi amaliy mazmun bilan toʻldirilmoqda va har tomonlama strategik sheriklik darajasida rivojlanib bormoqda.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayevaning 22-noyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yuy Szyun bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida ayni shu jihatlarga eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, davlatlarimiz rahbarlarining muntazam muloqot olib borishi, oʻzaro tashrif va uchrashuvlari natijasida xalqlarimiz oʻrtasida turli sohalardagi aloqalar mutlaqo yangi bosqichga chiqdi.
Savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlikda ijobiy koʻrsatkichlar qayd etilib, joriy yil boshidan (yanvar-avgust) oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 36 foizga oʻsdi. Koʻrsatkichlarni yana-da oshirish uchun imkoniyatlar yetarli ekani, nafaqat hukumatlar darajasida, balki hududlararo hamkorlik aloqalarini ham yana-da kengaytirish lozimligi qayd etildi.
Parlamentlararo aloqalar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yana-da mustahkamlashning amaliy mexanizmi ekanligidan kelib chiqib, Oliy Majlis va Butunxitoy xalq vakillari kengashi oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni yana-da jadallashtirish, buning uchun faol saʼy-harakatlarni olib borish muhimligi aytib oʻtildi.
Shuningdek, muloqot davomida fan, taʼlim hamda madaniy-gumanitar yoʻnalishlardagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring