Senat Raisi: Hukumat pandemiya sabab ishsiz qolgan fuqarolarni ish bilan taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratishi muhim

12:54 11 May 2020 Siyosat
1065 0

Yalpi majlis kun tartibidagi navbatdagi masala 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2020-yil birinchi choragidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti koʻrib chiqildi.

Taʼkidlash joizki, umumiy qiymati 18,2 trln. soʻm va 10,3 mlrd. AQSH dollariga teng loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan Davlat dasturi ijrosini taʼminlash va doimiy monitoring qilib borish yuzasidan Hukumatda yaxlit tizim yaratilgan.

Pandemiya davrida respublikada makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiyot tarmoqlarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, aholi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish maqsadida Moliya vazirligi huzurida 10 trln. soʻm miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etilib, qator amaliy chora-tadbirlar koʻrilgan.

Dasturga muvofiq joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilishi belgilangan 15 ta banddan 3 tasining bajarish muddati uzaytirilgan.

Senat Raisi mazkur masala yuzasidan munosabat bildirib, bu boradagi qilinishi zarur boʻlgan ishlarni sanab oʻtdi. Xususan, Hukumatdan joriy yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash parametrlari loyihasida pandemiya sababli chet eldan respublikaga qaytgan va ishsiz qolgan boshqa toifadagi fuqarolarni ish bilan taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratish muhimligini taʼkidladi. Dasturga muvofiq yil davomida bajarilishi belgilangan 62 ta vazifaning ijrosi boʻyicha maʼlumot kiritib borilishi borasida soʻz yuritdi.

– Koʻrinib turibdiki, Davlat dasturidagi har bir topshiriq gʻoyat muhim, – dedi T.Narbayeva. – Ularning joylardagi ijrosini senatorlarimiz ham nazorat qilishi, mahalliy Kengashlarda muhokama qilishi va kerak boʻlsa, Senat muhokamasiga kiritib borish lozim. Bunda Parlament soʻrovi va senator soʻrovi institutlaridan ham samarali foydlanish zarur. Shuni ham alohida taʼkidlash joizki, Davlat dasturidagi topshiriqlarni surunkali ravishda oʻz vaqtida bajarmaydigan vazirlik va idoralar rahbarlarining lavozimga loyiq yoki loyiq emasligi masalasini Hukumat oldiga qoʻyishimizga toʻgʻri keladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер