Senat qoʻmitasi raisi: "Andijondagi mudhish voqea qimmatbaho tosh mojarosidan boshlangan"

23:33 14 Iyun 2020 Jamiyat
2269 0

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Qutbiddin Burxonov Andijondagi jinoyat ishining ayrim detallarini maʼlum qildi.

Andijon shahar Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat-qidiruv boʻlimi tezkor vakili E.Rayimjonov hamkasblari F.Xusanboyev va Q.Qodirovlar bilan birga fuqaro A.Sotvoldiyevning qimmatbaho toshini olib, qaytarib bermayotgan A.Abdukarimovga (marhum) nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻrab yozgan arizasi yuzasidan oʻzboshimchalik bilan tekshiruv olib borishgan.

29-may kechasi Andijon shahar Navroʻz mahallasida yashovchi A.Abdukarimovning xonadoniga tezkor vakil E.Rayimjonov F.Xusanboyev bilan birga borib, uni Ichki ishlar boʻlimi maʼmuriy binosiga olib kelib psixologik va jismoniy bosim oʻtkazib, 30-may ertalab soat 06-00 ga qadar noqonuniy ushlab turib, uning huquqlari, qonuniy manfaatlari va sogʻligʻiga jiddiy zarar yetkazgan.

Oqibatda, fuqaro tan jarohat olib, hushini yoʻqotgan va respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon viloyat filialiga yotqizilgan. Jabrlanuvchi A.Abdukarimovga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam koʻrsatilishiga qaramasdan, olgan ogʻir tan jarohatlari tufayli fuqaro 11-iyunda vafot etgan.

Joriy yilning 30-may kuni Andijon shahar prokuraturasi tomonidan katta leytenant F.Xusanboyev, katta leytenant E.Rayimjonov va katta leytenant Q.Qodirovlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Senat qoʻmitasining 25-may kuni Andijon viloyatida oʻtkazilgan sayyor majlisida qabul qilingan qarorida Andijon shahar IIO FMB boshligʻi podpolkovnik Sodiq Usmanovning egallab turgan lavozimiga qanchalik loyiq ekanligi masalasi koʻtarilgan edi.

Ichki ishlar vazirining 14-iyun kungi buyrugʻi bilan podpolkovnik Sodiq Hakimmurzayevich Usmanov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

«Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi bu kabi holatlarni qatʼiy qoralaydi va kelajakda jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha aniq choralar koʻrilishini talab qiladi.

Andijon shahrida sodir boʻlgan mazkur holat Qoʻmitamiz tomonidan nazoratga olindi va biz adolat toʻliq qaror topishini, bunday fojialar boshqa takrorlanmasligini taʼminlash uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz», - deyiladi Qutbiddin Burxonov munosabatida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер