Saudiya Arabistonining Madina shahrida birinchi oʻzbek restorani ochildi
Foto: “Dunyo” AA
Saudiya Arabistonining Madina shahrida “Al-Urz va al-Kabab” nomli birinchi oʻzbek restorani ochildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.
Manbada qayd etilishicha, restoran Saudiya Arabistoni aholisi va dunyoning turli burchaklaridan kelgan mehmonlar uchun oʻzbek milliy taomlari, xalqimiz anʼanalari va madaniyati bilan yaqindan tanishish nuqtasiga aylanadi.
Restoranda mijozlarga taklif etilayotgan taomlar milliy uslubdagi idishlarda taqdim etilyapti. Uning barcha burchaklari maxsus monitorlar bilan jihozlangan boʻlib, ularda xorijlik mehmonlarga mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, shaharlari, urf-odatlari, sayyohlik salohiyati haqidagi videoroliklar namoyish qilinmoqda.
Mazkur majmua Saudiya Arabistonidagi vatandoshlarimiz Abror Akmalov va taniqli oshpaz Bahriddin Chustiy tomonidan tashkil etildi. Tashkilotchilarning aytishicha, ushbu restoran oʻz mijozlari sonini kengaytirganidan keyin, Jidda va Makkada filial ochish rejalashtirilgan.
Mamlakatimizning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari tadbirkorlarga restoranni targʻibot materiallari bilan taʼminlashga yordam bermoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring