Saudiya Arabistonida Oʻzbekistonda yetishtirilgan zaʼfaron mahsulotiga qiziqish bildirildi

16:07 01 Aprel 2021 Iqtisodiyot
1334 0

Oʻzbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi Ulugʻbek Maqsudov “Sunbula technologies Est.» kompaniyasi raisi Ubaydulla Siddiyqiy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Elchixona Oʻzbekistonning «BMB Trade Group” kompaniyasi tomonidan yetishtirilgan zaʼfaron namunalarini kompaniya rahbariga taqdim etdi. Bu mahsulot Saudiya Arabistoni oziq-ovqat va dori-darmon vositalari agentligi (SFDA) tomonidan tekshiriladi va tegishli sifat sertifikati olinadi.

«Umid qilamizki, zaʼfaron - bu Oʻzbekiston bilan hamkorligimizning boshlanishi boʻladi. Kelajakda keng turdagi mahsulotlar import qilish niyatidamiz.

Saudiya vakillari hozir zaʼfaronni Marokash, Ispaniya, Hindiston, Afgʻoniston va Pokiston kabi davlatlardan olib kelmoqda. Shu maʼnoda Oʻzbekistonda yetishtirilishi boshlangan zaʼfaronga qiziqishimiz katta. Umid qilamizki, oʻzbek zaʼfaroni sifat jihatidan raqobatbardosh va Saudiya bozorida oʻz oʻrniga ega boʻladi», deb taʼkidladi kompaniya raisi.

Ubaydulla Siddiyqiy, shuningdek, Oʻzbekistondan tabiiy asal va togʻ oʻsimlik giyohlaridan tayyorlangan mahsulotlarni ham import qilish imkoniyatini oʻrganmoqchiligini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, Saudiya Arabistonida shifobaxsh ekologik toza mahsulotlarga talab yuqori.

Uchrashuvda Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlovchi transport koridori yaratish boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlar haqida ham maʼlumot berildi. Bu kabi qulay transport yoʻlagining imkon qadar tez muddatlarda qurilishi mintaqa davlatlarining savdo-iqtisodiy aloqalariga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Shu oʻrinda suhbatdosh mazkur yangi transport yoʻlagi barpo etilishi Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi savdo aylanmasini ham sezilarli oshishiga olib keladi, deb umid bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер