Saudiya Arabistoni matbuoti Oʻzbekiston Prezidentining “Markaziy Osiyo – KADHK” birinchi sammitidagi ishtirokini yoritishda davom etmoqda

11:34 30 Iyul 2023 Dunyo
706 0

Saudiya Arabistonining yetakchi ommaviy axborot vositalari Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat  Mirziyoyevning joriy yil 19-iyul kuni Jidda shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqoti boʻyicha  davlat rahbarlarining birinchi sammitidagi ishtirokini yoritishda davom etmoqda, deb  xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, yetakchi Al-Sharq Al-Awsat (“Yaqin Sharq”) gazetasi sahifalarida ushbu mavzuga oid ikkita salmoqli maqola chop etildi.

Muallif Abdulhadi Habtur qalamiga mansub “Koʻrfaz davlatlari – Markaziy Osiyo” sammiti strategik hamkorlikni mustahkamlash yoʻlida” sarlavhali maqolada Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Bahromjon Aʼloyevning soʻzlariga tayanib yozilishicha, Koʻrfaz davlatlari Kengashi – Markaziy Osiyo” sammiti “tarixiy voqea” boʻlgani holda ushbu tadbir geosiyosat va geoiqtisodiyot nuqtayi nazaridan dunyoning ikki oʻta muhim mintaqasi oʻrtasidagi mintaqalararo hamkorlikning yangi shakli oʻlaroq qayd etilgan.

Taʼkidlanganidek, Markaziy Osiyo va Koʻrfaz arab davlatlari oʻrtasidagi hamkorlik, murakkab xalqaro vaziyatni hisobga olgan holda, strategik ahamiyatga ega. Tomonlar oʻrtasidagi mavjud munosabatlarni zamonaviy sharoitda mustahkamlash har ikki mintaqaning uzoq muddatli manfaatlariga javob beradi.

Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni rivojlantirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Saudiya Arabistoni nafaqat arab va islom mamlakatlarida, balki butun dunyoda katta ishonch va moliyaviy-iqtisodiy salohiyatga ega boʻlgan mamlakatdir.

Britaniyalik tadqiqotchi, geograf olim hamda geosiyosat asoschilaridan biri Jon Makinder va “Koʻrfaz tadqiqotlar markazi” prezidenti doktor Abdulaziz bin Saqarning  Markaziy Osiyo va Koʻrfaz arab davlatlari oʻrtasidagi hamkorlikning muhim jihatlari yuzasidan bildirgan fikr-mulohazalari ham saudiyalik gazetxonlarning eʼtiboriga havola qilingan.

“Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik Koʻrfaz davlatlari uchun nafaqat siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik va madaniy jihatdan ehtiyoj, balki strategik zarurat hamdir”, deydi “Koʻrfaz tadqiqotlar markazi” prezidenti doktor Abdulaziz bin Saqar “Al-Sharq Al-Awsat” nashriga bergan intervyusida.

Ikki mintaqaning oʻxshash jihatlari sifatida doktor Abdulaziz bin Saqar quyidagi fikrlarini ham bildiradi: “Bu ikki mintaqa bugungi kunning eng dolzarb va muhim mavzularidan biri hamda oʻzaro munosabatlar roʻyxatida birinchi oʻrinni egallab turgan tabiiy resurslar, xususan, neft va gaz zahiralariga ega, ayni paytda har ikki mintaqa butun dunyoda avj olayotgan terrorizmga qarshi kurash sohasida hamkorlik qilishdan manfaatdordir”.

“Markaziy Osiyo shaxmat taxtasida Koʻrfaz davlatlari mavjudligining ahamiyati” sarlavhali maqolada esa Markaziy Osiyoning besh davlati – Oʻzbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Qozogʻistonning joylashuvi, geostrategik ahamiyati, tabiiy boyliklari hamda mintaqaga qaratilgan xalqaro eʼtibor atroflicha tahlil qilingan.

Ekspertlarning fikrlariga tayanilgan holda taʼkidlanishicha, Koʻrfaz davlatlari, ayniqsa, Saudiya Arabistoni asrlar davomida ulkan Islom imperiyasining mantiqiy davomi hisoblangan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan peshqadamlar safida oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirib kelmoqda.

“Koʻrfaz davlatlarining Markaziy Osiyo bilan hamkorligi strategiyasida iqtisodiy soha asosiy yoʻnalish hisoblanadi. Bunda taʼlim sohasining barcha boʻgʻinlari, oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan aloqalar oʻrnatish, innovatsion tadqiqotlarni moliyalashtirish, universitet va tadqiqot markazlarini ishbilarmon doiralar bilan bogʻlash, oliy taʼlim dargohlari huzurida zamonaviy innovatsiyalarga asoslangan texnik uyushmalar yaratish va ularning ishlanmalarini milliy iqtisodiyotda qoʻllash nazarda tutilgan”, deb yozadi nashr.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер