Saudiya Arabistoni biznes vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
Foto: Халқ сўзи
23-dekabr kuni Bosh vazir oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Saudiya Arabistoni Podshohligi delegatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida Toshkentda boʻlib turgan ACWA Power, Dr. Sulaiman Al-Habib Medical Group, SABIC, Al Rajhi International, Jamjoom Pharma, Fawaz Al Hokair Group, Seera Group va boshqa kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda, shuningdek, Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, ikki mamlakat vazirliklari, idoralari va tarmoq birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Oʻzaro ishonch ruhida boʻlib oʻtgan suhbatda Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari vakillariga keyingi yillarda Oʻzbekistonda yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit haqida maʼlumot berildi. Soʻz investorlar huquqlarini himoya qilish, zarur infratuzilmani yaratish, bank sektorini oʻzgartirish, keng koʻlamli xususiylashtirish, erkin savdo rejimi va YEI bozorlariga GSP+ imtiyozli asosda hududiy bozorlarga eksport qilish imkoniyatlarini ochish haqida bordi.
Muloqot chogʻida joriy hamkorlik masalalari, uni yaqin kelajakda kengaytirish imkoniyatlari, qoʻshma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish ayrim jihatlari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston hukumatining investitsiya loyihalarini amalga oshirishning barcha bosqichlarida – loyihadan oldingi hujjatlarni birgalikda ishlab chiqishdan tortib, obyektlarni ishga tushirishgacha har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi.
Oʻz navbatida saudiyalik ishbilarmonlar Oʻzbekistondagi investitsiya muhitini, xorijiy investitsiyalarni himoya qilish boʻyicha qonunchilik bazasini yuqori baholadilar. Istiqbolli sarmoyaviy loyihalarni ishlab chiqish doirasida oʻzbekistonlik hamkasblar bilan konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.
Suhbat davomida KSA tadbirkorlari Oʻzbekistonga sarmoya kiritishning moliyaviy, texnik va huquqiy jihatlari boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldilar.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari vakillari bilan ikki tomonlama munosabatlarni muvofiqlashtirish, savdo kelishuvlari va shartnomalariga erishish maqsadida keyingi hamkorlik formati ishlab chiqildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring