Sarchashmada bolajonlar uchun yangi bogʻcha ochiladi
Bugun yurtimizning barcha goʻshalarida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilyapti. Hududlarning koʻrkiga koʻrk qoʻshayotgan yangi ijtimoiy obyektlar qad rostlamoqda.
Shu kunlarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Sarchashma qishlogʻida foydalanishga topshirilish arafasida turgan zamonaviy MTM ham buning tasdigʻidir.
Joriy yil fevral oyida viloyat hokimi Z.Mirzoyev qishlogʻimizga kelib, sarchashmaliklarni koʻpdan beri qiynab kelayotgan qator muammolar bilan bevosita tanishgan edi. Quvonarlisi, koʻp masalalar oʻsha paytning oʻzida joyida ijobiy hal etildi.
Masalan, qishloqda bitta bogʻcha boʻlib, unga uzoqroqdagi mahalla bolalarini olib kelish muammo tugʻdirayotgan edi. Ayniqsa, kuz-qish oylaridagi loyli-qorli sharoitda bu hol qancha noqulayliklar keltirib chiqarishini tasavvur qilish qiyin emas. Qishlogʻimizda baʼzi paytlar qor qalinligi 1 — 1,5 metrgacha yetadi.
Aynan shular inobatga olinib mahallalar faollari murojaati bilan har tomonlama qulay nuqtada zamonaviy yangi 150 oʻrinli bolalar bogʻchasi quriladigan boʻldi. Yoz oylarining ilk pallasida qurilish uchun davlat tomonidan 3 mlrd. 200 mln. soʻmdan ortiq mablagʻ ajratildi va bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi. Bu oʻz navbatida mahalliy aholini juda quvontirdi.
Ushbu maskan esa, aytib oʻtganimizdek, hademay foydalanishga topshiriladi.
Bogʻchada bolajonlarni sogʻlom va barkamol voyaga yetishlari uchun zarur sharoitlarni yaratishga alohida eʼtibor qaratilgan. Mini-basseyn, oʻynash uchun maydonchalar shay holatda. Ayni paytda esa MTM uchun tuman markazidan interyerlar va oʻyinchoqlar olib kelinyapti. Jihozlash ishlari ketmoqda.
Yaqin kunlarda tuman hokimi hamda mahalla faollari ishtirokida bogʻchaning ochilish marosimini oʻtkazish rejalashtirilyapti
Behzod Namozov,
Qashqadaryo viloyati
Shahrisabz tumani
Sarchashma qishlogʻi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring