Saratonning oldini olish boʻyicha 12 tavsiya
Respublika onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzagʻolib Tillashayxov saratonni oldini olish boʻyicha tavsiyalar berdi.
— Onkologik kasalliklar inson salomatligiga jiddiy taʼsir etayotgan dolzarb tibbiy-ijtimoiy muammodir. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, bunday kasalliklarga chalinish koʻrsatkichi yildan-yilga oʻsib bormoqda. Dunyoda millionga yaqin birlamchi saraton holati aniqlanadi. Onkologik xastaliklar ichida eng koʻp uchraydigani sut bezi saratonidir. Keyingi oʻrinlarda meʼda, oʻpka va bachadon boʻyni saratoni turadi.
Garchi xavfli oʻsma kasalligini davolash mushkul boʻlsada, uning oldini olish imkoni mavjud. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Xalqaro saraton tadqiqot agentligi (IARC) bu borada saraton profilaktikasining 12 yoʻlini ommaga taqdim etgan. Bular quyidagilar:
1. Chekmang, har qanday tamaki shaklidan foydalanmang.
2. Yashash va ish joyingizni tamaki tutunidan xoli qiling.
3. Tana vazni meʼyorida boʻlishi uchun harakat qiling.
4. Kundalik hayotda jismoniy faol boʻling. Kun boʻyi oʻtirib vaqt oʻtkazmang.
5. Sogʻlom ovqatlanish tamoyillariga rioya qiling:
koʻp miqdorda donli, dukkakli mahsulotlar, sabzavot va mevalar isteʼmol qiling, yogʻli ovqatlarni, shakar isteʼmolini cheklang;
qayta ishlangan goʻsht mahsulotlari, qizil goʻsht va shoʻr taomlardan imkoni boricha tiyiling.
6. Spirtli ichimliklar ichmang.
7. Quyoshda uzoq turmang, ayniqsa, bolalarni quyosh nuridan himoyalang.
8. Agar kimyoviy sanoat korxonalarida ishlasangiz, xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda, saraton chaqiruvchi moddalardan oʻzingizni himoya qiling.
9. Togʻli joylarda yoki radiatsiya xavfi boʻlgan hududlarda yashasangiz, radon radiatsiyasi bor-yoʻqligini aniqlang. Yuqori radon darajasini kamaytirishga harakat qiling.
10. Ayollar uchun:
Emizish onaning saraton bilan kasallanish xavfini kamaytiradi. Agar imkoni boʻlsa, bolani emizish kerak.
11. Bolalaringizni emlash dasturida ishtirok etishlarini taʼminlang:
Gepatit B (chaqaloqlar uchun)
Odam papilloma virusi (HPV) (oʻsmir qizlar uchun).
12. Sut bezi, bachadon boʻyni, yoʻgʻon ichak, meʼda saratonining oldini olish boʻyicha skrining dasturlarida qatnashing.
Mamlakatimizda aholi orasida saraton profilaktikasi boʻyicha zamonaviy sharoitlar yaratilgan va bu jarayon uzluksiz takomillashtirilmoqda.
“2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yana-da rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori asosida onkologik kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish, skrining va yuqori texnologik tekshirish usullarini takomillashtirish boʻyicha muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring